O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda Madaniyat vazirligining 2024 yil 28 mayda chiqarilgan buyrug‘i asosida mamlakatimizda turizm ob’ektlarida ijodiy jamoalar tomonidan teatrlashtirilgan tomoshalar va konsert dasturlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 30 iyul kuni Jizzax viloyatining Zomin tumani Madaniyat bo‘limi tasarrufidagi “Zomin Sayqali” folklor-etnografik xalq jamoasi tomonidan Zomin sanatoriyasi dam olish hududida joylashgan “Sharshara” turizm ob’ektida teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi. Ushbu tadbir mahalliy hamda xorijiy mehmonlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Dastur mobaynida milliy qadriyat va an’analarimiz asosidagi xalq udumlari, marosim va bayramlarda ijro etilgan qadimiy o‘lan, lapar hamda aytishuvlar bilan birga zamonaviy va an’anaviy milliy kuy-qo‘shiqlar ham jonli ijro etildi.
“Zomin Sayqali” jamoasining mazkur ijodiy loyihasi nafaqat mahalliy turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda, balki O‘zbekistonning boy va ko‘pqirrali madaniy merosini jahon miqyosida targ‘ib etishga ham xizmat qilmoqda.
A. Qayumov (+video + surat), O‘zA muxbiri