Munosabat
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi”.

Shunday ekan, biz soha vakillari hamisha mas’uliyatni chuqur his qilgan holda izlanishda bo‘lishimiz kerak. Bemorlar salomatiligini tiklashda bu juda muhim. Shuningdek, ularning dardiga darmon bo‘lish, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va shirin so‘z bilan davolash asosiy vazifamizdir.
Davlatimiz rahbari o‘tgan besh yillikda qilingan ishlarimizni tanqidiy tahlil qilgan holda kelgusi besh yilda ham aholimizni sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirishni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim yo‘nalishi sifatida belgilab olishimiz kerakligini ta’kidladi.
Prezidentimizning topshiriqlari bilan to‘rt oy avval 12-95 qiska raqamli “call-markaz” tashkil etilgan edi. Bu markazda 120 kishidan iborat shtab ish olib bordi va butun respublikadan kelib tushgan 25 mingdan ziyod murojaatlarni o‘rganib, ularning 92 foizi joylarda hal qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida aholi murojaatlari asosida 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdilar. Har bir vazifa bo‘yicha aniq moliyaviy manbalar, texnik yechimlar va amaliy mexanizmlar belgilandi.
Ochiq muloqotda shifokorlar so‘zga chiqib, muammolar, taklif va mulohazalarini aytdi. Prezidentimiz ularni mutaxassislar ishtirokida muhokama qilib, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Belgilab berilgan yetti yunalishdan birinchisi, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirishga, sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarga bag‘ishlangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, birlamchi tibbiy xizmat punkti 3 kilometr uzoqlikda yoki piyoda borishda 20 daqiqalik masofani tashkil etishi kerak. Shu bois, joylarda fuqarolarga tez, qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Buning natijasida, 85 foiz muammolarni birlamchi tibbiyot muassasalarida hal qiladigan tizim yaratiladi. Avvalambor, joylarda poliklinikalar tarmog‘i yanada kengaytiriladi.
Jumladan, 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yildan boshlab, joylardagi poliklinika filiallari negizida 1 ming 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi.
Ikkinchi yo‘nalish tez tibbiy yordam tizimini doimiy takomillashtirishga yunaltirilgan tadbirlarga bag‘ishlangan bo‘lib, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida Dastur qabul qilinadi. Eng avvalo, “103” tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Shu tadbirlar doirasida tuman markazidan 50-80 kilometr uzoqlikda joylashgan 24 ta aholi punktida alohida tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi.
Uchinchi yo‘nalish tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga doir tadbirlardir. Bu yunalish buyicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda, eng avvalo, 182 ta oilaviy shifokor punktida ichimlik suvi tarmog‘i, 450 dan ortiq muassasada isitish, 650 tasida elektr tizimi to‘liq ta’mirlanadi. Shular qatorida, 1 ming 100 ta tibbiyot muassasasi qayta qurilib, jihozlanadi. 227 ta tug‘ruq komplekslari ta’mirlanib, ularga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, 39 ta bolalar shifoxonasining holati va ulardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilanadi. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 165 million dollarlik dastur amalga oshiriladi.
To‘rtinchi yo‘nalishdagi chora-tadbirlar bevosita tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq. Bu borada, eng avvalo, sog‘liqni saqlash xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yanada kuchaytiriladi. Bu yil ham byudjet tashkilotlari qatorida, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham kamida 10 foizga oshirish reja qilingan. Bunga qo‘shimcha ravishda joriy yil 1 iyundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab yana 15 foizgacha oshiriladi. Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi. Yangi ish boshlagan fidoyi yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
Prezidentimiz Tibbiyot oliygohlarining klinikalari, Respublika tibbiyot markazlari, ularning filiallari va shifoxonalar tibbiyot kollejlari va texnikumlari uchun klinik baza bo‘lib xizmat qilishini aytdilar. Bu esa o‘z navbatida tibbiyot hamshiralarning malakasini oshirishga va ularning kasbiy javobgarligini kengaytirishga olib keladi.
Beshinchi yunalish kadrlar malakasiga bog‘lik masalalarga bagishlangan. Prezidentimiz ma’ruzasida keltirilganidek, respublikamizda hammasi bo‘lib 8 mingta tor mutaxassis yetishmaydi. Tizimda malaka oshirish darajasi 45 foizdan oshmaydi. Bu masalalarni hal qilishda 2022-2023 yillarda tibbiyot oliygohlariga viloyatlar ehtiyojidan kelib chiqib kvotalar belgilanadi. Bakalavriat, klinik ordinatura talabalariga bo‘lgan talablar tubdan o‘zgartiriladi.
Ilg‘or meditsinani tushunadigan boshqaruv menejmentiga o‘qitadigan markazlar dasturi qabul qilinadi. Kasbiy malaka toifalari berish uchun bo‘lgan ish stajlari 2-toifa uchun 5 yildan 3 yilgacha, 1- toifa uchun 7 yildan 5 yilgacha va oliy toifa uchun 10 yildan 7 yilgacha qiskartiriladi. Barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari tibbiyot oliygohlariga biriktiriladi.
Oltinchi yo‘nalish – sog‘lom turmush tarzi orqali, kasallikning oldini olishga e’tiborni kuchaytirish. Joriy yildan boshlab 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi.
Bunda, ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ular natijasida infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanadi. Yil yakunida esa, har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi.
Yettinchi yo‘nalishda belgilanganidek, sog‘liqni saqlash tizimi asosan kasalliklarni davolashga emas, eng avvalo, ularning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi zarur. Bundan buyon tibbiyot tizimi “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” degan tamoyil asosida moliyalashtirishga o‘tiladi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Sirdaryoda tibbiy sug‘urta tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yib, kelgusi yillarda barcha hududlarda joriy etiladi. Shu bilan birga, butun respublikada amal qiladigan yagona klinik protokollar, ko‘rsatmalar va standartlar ishlab chiqiladi. Tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi, “elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi.
Biz tibbiyot xodimlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmatni chuqur his qilgan holda bor salohiyatimizni ishga solib, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, Yangi O‘zbekiston tibbiyotining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishni sharaf deb bilamiz.
Mirshavkat Akbarov,
Akademik V.Vohidov nomidagi
Respublika ixtisoslashtirilgan
xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi
bo‘lim mudiri.
O‘zA