Kuz-qish fasli shamollashlar mavsumi hisoblanadi.
Ushbu davrda immuniteti yuqori bo‘lganlar kasallikka chalinmaydi. Shamollaganda ham tezda sog‘lig‘ini tiklab oladi.
Xo‘sh, immunitetni qanday ko‘tarish mumkin? Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati shu mavzuda Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova bilan suhbatlashdi.
— Qanday meva-sabzavotlar immunitetni ko‘taradi?
— Yorqin rangdagi meva-sabzavotlar – pomidor, apelsin, lavlagi, baqlajon va tarvuz immunitetni mustahkamlaydi. Bu mahsulotlarni faol iste’mol qilish bilan bir haftadan keyin ijobiy natijaga erishish mumkin. Qolaversa, sarimsoq, zanjabil va turli xildagi foydali giyohlar bakteriya va viruslarga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Ular ortiqcha vazndan ham xalos etadi.
Shamollashga uchramaslikning yana bir usuli yangi meva va sabzavot sharbatlarini ichishdir. Ular immunitetni mustahkamlashga yordam beruvchi, asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi magniyga boydir.
— Ko‘pchilik sitrus mevalarni ko‘p ham foydali, deb hisoblamaydi, shu to‘g‘rimi?
— Bu fikr noto‘g‘ri. Sitrus mevalar – apelsin, limon va mandarin C vitaminning koni hisoblanadi. Biroq ushbu mevalarsiz ham organizmni ushbu vitaminga to‘yintirish mumkin. O‘zimizda yetishtiriladigan bulg‘or qalampiri, qulupnay va karam mahsulotlari C vitaminiga boy. Rezavor mevalar, masalan, qizil va qora qoraqat (smorodina) organizmning barcha himoya kuchlarini faollashtiradi. Maymunjon immun va asab tizimini mustahkamlaydi. Malina yallig‘lanishga qarshi kurashish xususiyatga ega.
Shuni ta’kidlash lozimki, reza mevalardan tayyorlangan murabbo va qiyomlar ularning foydali xususiyatlarini saqlab qoladi. Shu sababli, kuz va qish fasllarida ham mevalardan shu yo‘l bilan bahramand bo‘lish mumkin.
— Sarimsoqning foydali ekani ko‘p tilga olinadi. Immunitetni ko‘tarishda bu mahsulot ham foydalimi?
— Immunitetni mavsumga tayyorlash uchun organizmni chiniqtirish muhim ahamiyatga ega. Jismoniy faol bo‘lish, toza havoda sayr qilish va to‘g‘ri ovqatlanish talab etiladi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham immunitetni kuchaytirish xususiyatiga ega.
Sarimsoq virus va zararli bakteriyalar ko‘payishining oldini oladi. Shifokorlar har kuni hech bo‘lmaganda bir bo‘lak yangi sarimsoqni iste’mol qilishni maslahat beradi. Uni mayda to‘g‘rab, tayyor ovqatga yoki salatlarga qo‘shish ham mumkin. Xonadonda kesilgan sarimsoqdan likopchalarga qo‘yib chiqilsa, xuddi ingalyatsiya kabi ta’sir ko‘rsatadi.
— Immunitetni ko‘tarishda ko‘katlarni ko‘proq iste’mol qilish ham muhimmi?
— Selderey, kashnich, ukrop, petrushka, salat bargi kabilar bakteriyalarga qiron keltiruvchi yoki ularning ko‘payishiga to‘sqinlik qiluvchi faol moddalar — fitonsidlar va o‘simlik kletchatkasi miqdori juda ko‘p. Yangi piyoz va sarimsoq salomatlikni mustahkamlaydigan va immunitetni ko‘tarishga yordam beradigan bebaho mahsulotlar sanaladi.
Agar har kuni piyoz iste’mol qilinsa, tez orada immunitet ko‘tariladi. Organizm esa zamburug‘, bakteriya yoki virus bilan zararlanishdan himoyalanadi. Piyoz shamollashga qarshi samara ko‘rsatadi, organizmni toksin va shlaklardan tozalaydi. Shuningdek, a’zolar va to‘qimalarda qon aylanishini yaxshilaydi, teran fikrlash va xotirani mustahkamlashga yordam beradi. Piyozni taomnomaga kiritganda va u doimiy ravishda iste’mol qilganda stress asoratlarining oldi olinadi, depressiya va nerv tizimi faoliyati buzilishidan himoya qiladi.
Jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish immunitetimizning tushib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Doimo o‘zimizni tetik va bardam his qilishimizni ta’minlaydi. Vitaminlarga boy meva-sabzavotlarning dasturxonimizdan doimo joy olishi immunitetimizni ko‘tarilishi hamda kasal bo‘lmasligimizni ta’minlashi shubhasiz.