Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘liklar islohotlardan mamnun
21:36 / 2023-11-28

Har gal tog‘ qishloqlariga borganimizda samimiy va mehmondo‘st odamlarni ko‘rib, quvonasan kishi. Soddadil tog‘liklar bilan suhbatlashib to‘ymaysiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yaratganning o‘zi tog‘liklarga o‘z ne’matlarini ortig‘i bilan bergan. Toza havo, zilol suv, so‘lim tabiat. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar shamoli ham olis tog‘ qishloqlarigacha yetib bormoqda va bu tog‘liklarni benihoya mamnun etmoqda.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani G‘ilon qishlog‘i tuman markazidan 84 kilometr uzoqlikda joylashgan. Avvalgi sayohatimizda Shahrisabz tumanining tog‘ qishloqlariga olib boruvchi yo‘llarga asfalt yotqizilayotganini hikoya qilgan edik. Bu gal borganimizda keng va ravon yo‘ldan qiynalmay bordik. Ayniqsa, G‘ilon qishlog‘iga chiqadigan ilon izi yo‘llar kishida o‘zgacha taassurot qoldiradi.  

Aslida qish mavsumi arafasida tog‘ yon bag‘irlarida yashovchi aholining shart-sharoitini o‘rgangani borgandik. Yo‘limizni esa yana G‘ilon qishlog‘i tomon burdik. Natija esa kutilgandan ziyoda. G‘ilon qishlog‘i mo‘’jazgina shaharchaga aylanibdi. Asfalt ko‘chalar, savdo do‘konlari, zamonaviy bog‘cha va maktablar, shinam uy-joylar so‘lim tabiatli qishloqqa o‘zgacha husn bag‘ishlagan.  

Shu kuni tuman gaz tashkiloti G‘ilonga gaz ballonlar tarqatayotgan ekan. Qish mavsumida tog‘larda yashovchi aholi uchun gaz ballonlar muhim sanaladi.  

Shu qishloqlik Guldasta Ashurova oddiygina tog‘ ayollaridan biri. Qishloqdagi maishiy turmushning tobora yaxshilab borayotgani, avvalo, u kabi ayollarni hursand qilmoqda. Boisi gaz ballonlarning vaqtida kelishi tog‘ ayollarini qish-qirovli kunlarda uchoq tashvidan qutqaradi.  

– Bir choynak choy uchun ham qumg‘on qaynatishga to‘g‘ri kelardi, – deydi Guldasta Ashurova. – Mana bir necha yildan buyon gaz ballonlar kelib, uchoq tashvishidan qutuldik. Shaharnikidan qolishmaydigan oshxona qurib oldik. Zamonaviy gaz plita xarid qildik. Endi uydan chiqmagan holda har xil taomlar tayyorlaymizda.  

Purviqor tog‘larga yaqin bo‘lgani bois, G‘ilon qishlog‘iga qor tushgan. Uylarning tomlarini qor qoplagan. Ayni bu pallaga kelib bu qishloqda bog‘dorchilik, dehqonchilik ishlari tugaydi. Hamma yoz bo‘yi qilingan mehnat rohatini ko‘rib, to‘ylar, ma’rakalar qilishadi.  

– Mahallamizda 3,5 ming nafarga yaqin aholi, 1 ming 200 dan ziyod xonadon, 1 ming 750 ta oila yashaydi, – deydi  “G‘ilon” MFY raisi Safarmurod Jabborov. – Xalqimizning kayfiyati yaxshi. Boisi joriy yilda mahallamizdagi ikki kilometr, tuman markaziga olib boradigan 9 kilometr yo‘l asfalt qilindi. Bundan tashqari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida har bir xonadonga 1-1,5 tonnadan ko‘mir tarqatyapmiz. Hozirga qadar 400 tonnadan ortiq ko‘mir tarqatildi. Ko‘mir tarqatish ishlari hali davom etmoqda. Shuningdek, mana ko‘rib turganingizdek, gaz ballonlari vaqtida keltirilmoqda. Yo‘lda kelguncha ko‘rgandirsiz, “Oqsuv” daryosi yo‘lida katta gidroelektr stansiyasi qurilyapti. Nasib etsa, u bitgach, elektr ta’minotida umuman muammo bo‘lmaydi. Biz tog‘liqlarga bunday e’tibordan juda mamnunmiz.  

[gallery-14805]

Gaz ballonlar har bir xonadonga maxsus taroziga tortilgan holda tarqatilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari va yolg‘iz qariyalarning uylariga olib borib berilmoqda.  

Shu qishloqlik Turdiqul bobo Almurodov kampiri bilan yolg‘iz yashaydi. Baxtga qarshi farzandi bo‘lmadi. Uning ta’kidlashicha, yoshligida mehnat qilib charchamasdi, ammo keksalik o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Og‘ir mehnatlarga quvvati kelmay qoldi. Ammo mahalla faollari, qishloq yoshlari bu ikkala keksaning yolg‘izligini bildirishmaydi. Doim holidan xabar olib, yumushlariga ko‘maklashadi. Gaz ta’minoti korxonasi vakillari ham boboni yaxshi tanishadi. Gaz ballonlarini uyiga keltirib, ulab berishadi. Otaxon qishlog‘ida va yurtimizda amalga oshirilayotgan obodlikka shukrona keltirib, qo‘llarini duoga ochadi.

– Yoshim 86 da. Qishloqda toshdan qurilgan bitta maktab bor edi, – deydi Turdiqul bobo Almurodov. – Boshlang‘ich ta’limni o‘sha maktabda olganmiz.  Qiyin zamonlar edi. Bugun qarang, zamonaviy maktablar, bog‘chalar qurilib ketdi. Ota-bobolarimiz ko‘rmagan dorilamon kunlarni ko‘rdik. Kelgusida bundan ham ziyoda bo‘lsin. Davlatimiz omon bo‘lsa, biz kabi keksalar hech qachon e’tibordan qolmaymiz. Kampirim bilan yurtimizdagi 84 ta qadamjoni ziyorat qilib keldim. Dam olishlarga borib keldik. Turmushimiz to‘kin-sochin. Albatta bularning barchasi tinchligimizning, mustaqilligimizning sharofatidandir.  

G‘ilonliklarning gaz ballonlardan foydalanishda texnik xavfsizlik qoidalariga amalga qilishdagi jaydari uslub bizni qiziqtirib qo‘ydi. Mahalla ko‘chalari bo‘ylab yurarkansiz, har bir uyning orqa tomonida yerdan 1,5-2 metr balandlikda devorga o‘rnatilgan gazballonlarga ko‘zingiz tushadi. Deyarli hamma xonadonda foydalanish tartibi shunday.  

– Hozirgi kunda Shahrisabz tumanida jami 54 ta mahalla bo‘lib, Shahrisabz tumani markazidan 80-90 kilometr uzoqlikda joylashgan G‘ilon, Sarchashma, Hisorak, Sayyod kabi tog‘li hududlarimiz hozirgi kunda gaz bilan ta’minlash grafigi avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazilgan, - deydi Shahrisabz tuman suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Bahrom Jo‘rayev. – Hozirgi kunda har bir iste’molchiga ID kartalar orqali va gaz ballonlarning ustiga bar kodli steker yorliqlar yopishtirilgan holatda tarqatiladi. Avtomatik tizimga o‘tkazishdan maqsad aholiga gaz yetkazib berishni nazorat qilish, muddatini o‘tkazib yubormaslikdir. Tog‘li hududlarga suyultirilgan gaz 35 kun oralig‘ida yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, gaz ballonlarni yetkazib berish uchun istalgan ob-havo sharoitida harakatlana oladigan yo‘ltanlamas og‘ir yuk mashinasi ajratilgan. Har bir xonadonga gaz ballonlari yetkazilgandan so‘ng maxsus tarozilarda egasi ishtirokida tortilib, tarqatiladi va gaz ballondan xavfsiz foydalanish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bilan tanishtiriladi.  

Muxtasar aytganda, olis hududlarda yaratilayotgan sharoit va tog‘liklarga e’tibordan biz ham mamnun bo‘lib qaytdik.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari