English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘li Qorabog‘ni qayta tiklash va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi
14:26 / 2021-01-12

Dushanba kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Muzokara yakunida Tog‘li Qorabog‘ni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolangani e’lon qilindi.

Rossiya yetakchisi uch mamlakat bosh vazirlari rahbarlik qiladigan ishchi guruh tashkil etilishini ma’lum qilgan. Mazkur ishchi guruh Tog‘li Qorabog‘ni rivojlantirish bo‘yicha rejani yaqin kunlarda taqdim etishi kerak.

Uch tomonlama tashkil etiladigan ishchi guruh Tog‘li Qorabog‘ning iqtisodiy, savdo va transport aloqalarini tiklash, shuningdek chegarani ochish masalalari bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, faoliyat doirasida ekspert guruhi ham tuziladi.  

Kreml sayti xabar berishicha, kelishuvga ko‘ra, 30 yanvargacha mazkur guruh birinchi majlisini o‘tkazishi lozim, shundan keyin sa’y-harakatning asosiy yo‘nalishlari ro‘yxati shakllantiriladi. Temir yo‘l va avtomobil aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhim, deb hisoblanmoqda. Bundan tashqari, ishchi guruh raislari guruh tarkibidagi tegishli hukumat idoralari va tashkilotlari masabdor shaxslaridan iborat ekspertlar guruhi tarkibini ham tasdiqlashi lozim.

2021 yil 1 martgacha ishchi guruh oliy darajada tasdiqlash maqsadida Ozarbayjon va Armaniston orqali xavfsiz xalqaro tashuvlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan transport infratuzilmasini tiklash va yangi ob’ektlar barpo etish bo‘yicha tadbirlarning ro‘yxati hamda amalga oshirilishi jadvalini tayyorlab, taqdim etadi.  

"Shubhasiz, mazkur bitimni hayotga joriy qilish Armaniston hamda Ozarbayjon, qolaversa, butun mintaqa uchun foydali va tabiiyki, Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga ham xizmat qiladi", — deya ta’kidlagan Vladimir Putin muzokara so‘ngida.

O‘z navbatida, Pashinyan Moskvada erishilgan kelishuv Qorabog‘dagi xavfsizlikka ishonchli kafolat berishi, mintaqa iqtisodiy manzarasini ijobiy tomonga o‘zgartirishga yordam berishiga ishonishini ma’lum qildi.

"O‘t ochish to‘xtatilgandan buyon ikki oy o‘tdi. 9-10 noyabrda o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi hujjatni imzolagan uch davlat yetakchilarining Moskvadagi uchrashuvi natijaga erishish uchun harakat qilayotganimiz va sentyabr-noyabr oylari bo‘lib o‘tgan voqelarga nuqta qo‘yishni istayotganimizni bildiradi", — qo‘shimcha qildi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaro o‘tgan asrning 80-yillari oxirida boshlangan. O‘tgan yil sentyabr oyi so‘nggi kunlarida mkkm davlat bir-birini mojaroni avj oldirayotganlikda aybladi. Tomonlar to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi, urush boshlanib ketdi. Bir yarim oy ichida tomonlar uch bor o‘t ochishni to‘xtatishga urinib ko‘rdi, lekin kutilgan natijaga erisha olmadi.

Nihoyat, 10 noyabrda Rossiya, Ozarbayjon hamda Armaniston to‘rtinchi hujjatni imzoladi va harbiy harakatlar to‘xtatildi. Tomonlar o‘sha payt egallab turgan pozitsiyalarida qolishdi. Aynichog‘ asirlarni almashish jarayoni ketmoqda. O‘z navbatida, Moskva Qorabog‘ga o‘zining tinchlikparvar kuchlarini jo‘natdi. Yerevan Bokuga Kelbajar, Lochin va Ag‘dam tumanlarini qaytarib beradigan bo‘ldi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA