Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarni reintegratsiyasi qilish rejasi taqdim etildi
08:57 / 2023-10-04

Tog‘li Qorabog‘da istiqomat qilayotgan armanlar Ozarbayjon jamiyatiga moslashishini ta’minlash maqsadida hukumat maxsus reja ishlab chiqdi.

“Ozarbayjon Qorabog‘ hududida yashayotgan arman aholisini reintegratsiya qilish bo‘yicha amaliy harakatni boshladi”, deya xabar tarqatdi Prezident Ilhom Aliyev ma’muriyati. Qorabog‘lik armanlarga beriladigan kafolat, hududni mamlakat tarkibiga reintegratsiya qilish sharti belgilangan hujjatda, jumladan, shunday deyilgan:  

– Etnik, diniy mansubligi yoki qaysi tilda so‘zlashidan qat’i nazar, har bir insonning erkinligi va tengligi, jumladan xavfsizligi kafolatlanadi.  

– Qorabog‘ aholisiga o‘z madaniyati va etnomadaniy o‘ziga xosligini saqlab qolish va rivojlantirish huquqi kafolatlanadi.  

– Diniy erkinlik, madaniy va diniy yodgorliklarni muhofaza qilish huquqi ta’minlanadi.  

– Arman tilidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.  

– Hududda istiqomat qilayotgan arman aholisini boshqarish Ozarbayjon Prezidentining maxsus vakili orqali amalga oshiriladi, ushbu faoliyatga aholi jalb qilinishi mumkin.  

– Fuqarolik masalalari Ozarbayjon Konstitutsiyasi va qonunchiligida nazarda tutilgan tartib asosida hal qilinadi.  

– Qurolsizlanish va demobilizatsiya jarayoni yakunlanadi, aholidan qurollar olib qo‘yiladi.  

– Ozarbayjon ichki ishlar idoralari hududda jamoat tartibini va odamlar xavfsizligini ta’minlaydi, aholi mazkur idora ishlariga jalb qilinishi mumkin.  

– Ozarbayjon milliy valyutasini muomalaga to‘liq joriy qilish ta’minlanadi.  

Bundan tashqari hududda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda. Hujjatda keltirilishicha, “Rezidentlar istiqomat qiluvchi hududlarda tadbirkorlik sub’ektlarini moliyalashtirish imkoniyati kengayishi munosabati bilan amaldagi imtiyozli kredit, foizli subsidiya, kredit kafolati va boshqa moliyaviy vositalar qo‘llanmoqda, fermerlar subsidiya bilan ta’minlanib, yerdan tashqari har qanday soliqdan ozod etilgan”.  

Shuningdek, Qorabog‘ aholisi ta’lim, sog‘liqni saqlash, gaz va suv, yo‘l, aloqa va qishloq xo‘jaligi yerlari melioratsiyasi tizimi bilan ta’minlanishi ma’lum qilingan. Ozarbayjon 19 sentyabr kuni Qorabog‘da boshlagan harbiy amaliyot natijasida Boku hudud ustidan nazorat o‘rnatdi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi 2024 yil 1 yanvardan faoliyatini to‘xtatishi e’lon qilindi. Shundan keyin mahalliy armanlar bilan Ozarbayjon vakillari o‘rtasida bir necha bor muzokara olib borildi, hududning mamlakat tarkibiga integratsiyalashuvi masalasi muhokama qilindi. 22 sentyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmat Hojiyev qorabog‘lik armanlarning respublika iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotiga integratsiyalashuvi murakkab kechishi, ayrimlar ushbu siyosatni qabul qilmay, ketishga qaror qilishini aytgan. Prezident Ilhom Aliyev esa bir necha bor Qorabog‘ armanlari ham mamlakat fuqarolari singari huquqlarga ega bo‘lishini ta’kidlagan.  

Armaniston hukumati ma’lumotiga ko‘ra, keskinlik boshlanishi oldidan Qorabog‘da yashagan 120 ming aholidan 100 ming 520 kishi ayni dam Armanistonga ko‘chib o‘tgan.  

S.Rahimov, O‘zA