Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘li qishloqlarda qalin qor, ahvol qalay odamlar?
10:19 / 2026-02-02

Qish chillasi Surxondaryo viloyatining tog‘li qishloqlari uchun sinovli davr bo‘ldi. Kuchli qor yog‘inlari va sovuq ob-havo ayrim tog‘li hududlarda yashayotgan aholining tuman markaziga chiqishini cheklab, bozor-o‘charini qiyinlashtirdi.

Kundalik oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj mollarini xarid qilishda muayyan muammolarni yuzaga keltirdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoq orqali ba’zi qishloq odamlari murojaat ham etdi.

Holatni o‘rgangan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy, Boysun, Uzun, Denov, Sariosiyo, Sherobod tumanlarining birinchi rahbarlariga tog‘li hududlarda yashayotgan aholidan xabar olib, ularga oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berishni topshirdi.

Viloyat hokimining o‘zi Oltinsoy tumanidagi tog‘lar qo‘ynida joylashgan Katta Vaxshivor mahallasida bo‘lib, So‘fi Olloyor ziyoratgohida aholi bilan uchrashdi. Muammo, taklif va tavsiyalari tinglandi. Zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Shu kuni Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov O‘rta Machay mahallasidagi Xo‘jadiyak, Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yakubov Sangardak mahallasidagi Bog‘cha qishloqlarida, Uzun tumani hokimi Xabibullo Bozorov Pahlavon, Denov tumani hokimi Anvar Normamatov Ushor va Dashtichinor mahallalarida bo‘lib, hududlarning muammolarini o‘rgandi. Oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi. Tuman markazlari yoki bozorlarga kelish imkoni bo‘lmagan qishloqlarda ko‘chma bozorlar tashkil etilmoqda. 

Sherobod tumanining tog‘li Xomkon qishlog‘i aholisining maktab masalasidagi murojaati ham joyiga borgan holda o‘rganildi. Qishloqdagi foydalanilmayotgan eski maktab binosining tom qismi qulab tushgani, o‘quvchilar yangi qurilgan maktabda ta’limni davom ettirayotgani aniqlandi. Mutasaddilar ob-havo iliqlashishi bilan eski binoda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilishi yuzasidan aholiga tegishli tushuntirishlar berdi. 

Uchrashuvlarda viloyatdagi tog‘li va tog‘oldi qishloqlarida aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatilib, ular duch kelayotgan muammolarni hal etish, o‘z vaqtida zarur yordam ko‘rsatish, avtomobil yo‘llarini qordan tozalash ishlarini davom ettirish kabi muhim masalalar yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri