Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi voha markazidan qariyb 200 kilometr uzoqda joylashgan tog‘li O‘shor qishlog‘i aholisining badiiy asarlarga ehtiyojini qoplash uchun 97-umumta’lim maktabida ko‘chma kutubxona tashkil etildi.
Tuman axborot-kutubxona markazi bilan 97-umumta’lim maktabi hamkorligida tashkil etilgan ziyo maskaniga eng sara o‘zbek, jahon va bolalar adabiyotlari yetkazib berildi.
Soha mutaxassislarining aytishicha, tuman markazidan olisdagi tog‘li qishloq aholisi bo‘sh vaqtlarida badiiy asarlar o‘qishni juda xush ko‘radi. Biroq, maktab kutubxonasi ko‘p yillar davomida badiiy kitoblar bilan yangilanmagani uchun bunday asarlarga ehtiyoj sezilayotgan edi. Endilikda ko‘chma kutubxona maktab o‘quvchilari va aholi o‘rtasida mutolaa madaniyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
– Bolaligim kitobxon oilada, kitoblar qurshovida o‘tgan, – deydi mahalla faoli Turdixol Ochilova. – Eng sevimli mashg‘ulotim ham kitob mutolaasi bo‘lgan. Har bir badiiy asarni o‘qib chiqqanimda ko‘nglimda yangi-yangi orzular tug‘ilar edi. Bugun ham farzandlarimni bir qo‘limda kitob bilan ulg‘aytirayotganim mening baxtim. Uyimning yonginasida joylashgan maktabda ko‘chma kutubxona tashkil etilganini eshitib yanada quvondim. Bugun bu yerga kelib, sevimli yozuvchim Tohir Malikning “Oqibat” nomli kitobini o‘qishga oldim. Kitobda odob-axloq, mehr-oqibat va odamiylik fazilatlari targ‘ib qilingan bo‘lib, bu mening hamda oilamning ma’naviy-axloqiy kamolotida muhim o‘rin tutadi, deb hisoblayman.
Ko‘chma kutubxonada kitobxonlarning talab va istaklari e’tiborga olinib, adabiyotlar har oy yangilanadi. Kitoblar soni ham oshirib boriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri