Xalq tilida Xonbaliq nomi bilan mashhur bo‘lgan Forel balig‘i go‘shtining sifati va xaridorligi bilan ajralib turadi. Ushbu baliq turi chuchuk suvli tez oqar daryolarda yashaydi va oqimga qarshi suzib ko‘payadi. Bugungi kunda baliqchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar mazkur baliq turlarini yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ymoqda va mo‘maygina daromad qilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Tatar MFY Kaltaqo‘l qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Sarvar Nazarov hududning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yib nafaqat yaxshigina daromad topyapti balki ko‘plab mahalla yoshlarini ish bilan ta’minlamoqda. Mazkur baliq chavoqlari Fransiyadan maxsus keltirilgan bo‘lib, Germaniyadan olib kelinayotgan omixta yem bilan boqilmoqda.
– Forel balig‘ini boqish uchun qishlog‘imizning iqlim sharoiti mos keladi, – deydi tadbirkor Sarvar Nazarov. – Shirin suvli daryo yonimizdan o‘tgan va yil davomida qurimaydi. Shu bois daryoga yaqin yerdan joy olib, 5 hovuz qurdik va intensiv usulda forel boqishni yo‘lga qo‘ydik. Hozirgi kunda hovuzlarimizda 12 ming dona baliq saqlayapmiz. Chavoqlarni Fransiyadan keltirib o‘zimizda ochirganmiz, Germaniyadan keltirilgan yem bilan oziqlantiryapmiz. 12 ming dona baliq 12 tonnaga aylanadi nasib etsa, bu esa 1,5 milliard daromad degani. Rejalarimiz hali ko‘p. Kelgusida baliq boqish hajmini yanada kengaytirib, o‘z qishlog‘imizda daromad olib, ish o‘rni yaratishni niyat qilganmiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA.