Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘dagi mahallada yangi inshootlar qurildi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar tekislandi
15:54 / 2023-12-12

Mamlakatimizning eng olis va chekka hududlaridagi mahalla aholisi bunyodkorlik ishlari tufayli o‘z maskanining naqadar chiroy ochayotganiga guvoh bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi boshchiligida yurtimizning eng olis va chekka hududlarining 70 ta mahallasida “Obod xonadon — obod ko‘cha — obod mahalla” mezonlari asosida keng ko‘lamli ishlari amalga oshirilmoqda.

Ana shunday manzillardan biri Surxondaryo viloyatining olis, tog‘li hududi — Boysun tumanidagi Duoba mahallasidir. U yerda yangidan qad rostlagan maktab, poliklinika va mahalla idorasi binolarining qurilish-ta’mirlash ishlari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida o‘z yakuniga yetkazildi va foydalanishga topshirildi.  

O‘zgarishu yangilanishlarning guvohi, ishtirokchisi va eng muhimi, undan bahramand bo‘layotgan qishloq ahli uchun bu chin ma’noda quvonchli bo‘ldi. Uzoq yillar davomida kutilgan e’tibor va qisqa muddat ichida ro‘y bergan obodlik to‘yu tantana bilan qarshilandi.

San’atga ixlosmand Boysun eli bugun nomoddiy madaniy merosi, qadimiy udum va an’analari, shonli tarixi bilan kelajakka yuz tutmoqda.  

Purviqor tog‘lar qo‘ynidagi Duoba mahallasi voha markazidan qariyb 180 kilometr olisda joylashgan. Hududda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilgach, aholining bir umrlik orzusi ushaldi. Qisqa fursatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, infratuzilmasi tubdan yaxshilandi. Jumladan, 2,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga 180 o‘rinli maktab, qiymati 1,9 milliard so‘mlik 50 qatnovga mo‘ljallangan shifokorlik punkti barpo etildi. Shuningdek, mahallaning og‘ir ahvoldagi eski binosi 500 million so‘mga tubdan qayta ta’mirlanib, biryo‘la mo‘’jazgina kutubxona va xotin-qizlar uchun tikuvchilik o‘quv markazi ham tashkil etildi, deyiladi Respublika ishchi guruhi ma’lumotida.  

Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yo‘l tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin bo‘lgan o‘nqir-cho‘nqir tog‘ yo‘li tekislanib, 7 ta sel-suv toshqinlari zarar yetkazgan yo‘llar betonlandi. Ikkita transformator punkti qurilib, 1,6 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Qayroq va Gumatak qishloqlari aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi.  

Suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash va aholiga yetkazib berish uchun servis markazi qurildi. Sport maydonchasi, Pastki Duoba qishlog‘ida esa 1 milliard so‘mga 80 o‘rinli maktab filiali barpo etildi. Turli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan iborat mikromarkaz qad rostladi. Yangidan bunyod etilgan shifokorlik punktiga esa zamonaviy tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.

Mahallada bo‘lgan shodiyona tadbir asnosida amalga oshirilgan qurilish-obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh fidoyi insonlarga ehtirom ko‘rsatildi.  

Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ishtirok etib, yurtda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘z yuritdi.  

Bayram ko‘rinishini olgan tadbirlar turli sport musobaqalari va qiziqarli konsert dasturi bilan yanada yanada fayzli o‘tdi. 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA