Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘da yashashning o‘zgacha gashti, o‘ziga xos mashaqqati ham bor
14:22 / 2022-12-24

Tog‘li hududlar o‘zining musaffo havosi, so‘lim tabiati, muzdek, zilol buloq suvlari bilan kishini o‘ziga rom etadi. Shu bois tog‘da yashashning o‘zgacha gashti, biroq o‘ziga xos mashaqqati ham bor. Shahar markazida yashasangiz, erta tongda uyqudan uyg‘onasizu issiqqina hammomda yuvingach, gazga choy qo‘yasiz. Bir pastda qaynaydi. Issiqqina xonada oromida choy ichasiz, huzur qilasiz, ammo tog‘lardagi olis qishloqlardachi? Ertalabki nonushta qanday tayyorlanadi? Kun sovuq. Muzdek suvga yuz-qo‘lni yuvasiz. Keyin ochiq havoda qumg‘onga o‘tin qalab, choy qaynatasiz. O‘choqda sut pishadi. Shundan keyingina dasturxonga tortiladi. Tong qorong‘usida yoqilgan burjuyka pech ham biroz vaqt o‘tib soviydi.

Purviqor tog‘lar bag‘ridagi qishloqlar yilning qaysi faslida kelmang, o‘zining jozibador tabiati bilan sizni maftun etadi. Biroq faqatgina go‘zallik bilan baxtiyorlikni his qilib bo‘lmasligi ham ayni haqiqat. Qish zabtiga olarkan, odamlar uchun kunlik taomlanish uchun ham yonilg‘i masalasi kun tartibiga chiqadi. Ha, bundan bir necha yillar oldin olis tog‘li hududlarda ahvol xuddi shunday edi, ammo bugun tog‘liklar hayoti ham tubdan o‘zgardi. Tog‘lik ayollar ham allaqachon qora o‘choqdan anchagina xoli bo‘lishgan. Ularning xonadonlariga ham suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar kirib bordi. Tog‘ ayollarining yumushlari yengillashdi.  

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumaniga qarashli Obikanda mahalla fuqarolar yig‘ini Ishqop qishlog‘ida bo‘lganimizga bunga amin bo‘ldik.

– Mahallamizdagi 3 ta qishloqda 937 ta xonadon bor. 4 ming 581 nafar fuqaro yashaydi, – deydi Obikanda MFY raisi Rustamjon Normurodov. – Mahallamiz tuman hududidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan. bugungi kunda mahallamiz aholisini gaz bilan ta’minlash masalasini tuman hokimligi, tuman hududgaz korxonasi bilan hamkorlikda 45 kunlik grafik asosida tarqatilmoqda. Gaz ballon masalasida aholimizning kayfiyati juda yaxshi. Davlatimizning bugungi siyosatidan xursand. Chunki oldinlari gaz ballon masalasi muammoli bo‘lib, tog‘li hududlarga umuman yetib kelmasdi ham. Qishloq aholisi o‘tin qidirib sarson bo‘lardi. bugungi kundagi siyosatimiz inson qadri uchunligini, Prezidentimizning aholini rozi qilish borasidagi siyosatini tog‘li hududlardagi mahallamiz fuqarolarining kayfiyatidan ham anglash qiyin emas. Bunda hududgaz tashkilotiga ham rahmat deymiz, har 45 kunda aholiga gaz ballonlarni kechiktirmasdan yetkazib bermoqda. Bu kabi ezgu ishlardan ayniqsa xotin-qizlarimiz xursand. Boisi ularning vaqti tejalmoqda. Qolgan vaqtini farzandlari tarbiyasiga sarflamoqda.  

[gallery-10066]

Markazlardan qolishmagan holda gazda taom pishirayotgan ayollar birinchi navbatda mushkullari oson bo‘lganidan minnatdor. Muhimi gaz ballonlari vaqtida kelib tursa bo‘lgani. Qishloq ayollari bilan suhbatlasharkanmiz, deyarli barchasidan shu mazmundagi so‘zlarni eshitdik.  

– Ayollarning ko‘p vaqti oshxonada o‘tadi, shukrki mana bir necha yildan buyon gaz ballonlari muntazam yetkazib berilmoqda va biz ayollar choy-ovqat tayyorlashga qiynalmayapmiz, – Sojida Xolova. – Yo‘qsa, bir choynak choy uchun ham soatlab o‘choqda o‘tin yoqardik. Tog‘larda qish qattiq keladi. Hamma yoqni qor qoplaydi. O‘tin ham muammoga aylanadi. Hozir gaz ballonlari vaqtiga yetkazilmoqda. Bundan juda minnatdormiz.

“Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti Kitob tumani bo‘limi xodimi Shuhrat Pirimov aynan tog‘li hududlarga suyultirilgan gaz ta’minotiga mas’ul bo‘lib, hududga gaz ballonlarining o‘z vaqtida yetkazib berilishi shu xodim zimmasida. Ammo qish mavsumida tog‘ sharoitida gaz ballon tarqatish juda mashaqqatli. Avvaliga yo‘l azobi, keyin tog‘ yo‘llaridan har bir xonadonga salkam 40 kilogramm keladigan ballonlarni ko‘tarib olib borish ancha qiyin ish, ammo Shuhrat Pirimov o‘z kasbining ustasi. Ishini mas’uliyat bilan bajaradi. Tog‘liklarning xonadonlariga quvonch ulashishni yaxshi ko‘radi.

– Kitob tumanida 57 ming 104 ta xonadonga suyultirilgan gaz tarqatiladi, – deydi  Shuhrat Pirimov. – Shundan 4 ta mahalla tog‘li hududda joylashgan va u yerda 3 ming 600 xo‘jalikka xizmat ko‘rsatamiz. Ushbu mahallalar tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, eng olis hududlarimiz Aspiduxtar, Shut mahallalari. Bugun Obikan mahallasining Ishqop qishlog‘iga gaz tarqatyapmiz. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda grafik asosida har bitta xonadonga gaz ballonlarni o‘rnatib beramiz. Kamaz rusumli yo‘ltanlamas mashina ajratilgan bo‘lib, tog‘ yo‘llarida qiynalmaymiz. Hozirgi kunda eng olis hududlarimizga qo‘shimchasi bilan gaz ballonlari tarqatib kelganmiz. Shu bilan nasib bo‘lsa, fevral oyining oxiri martning boshida chiqib boramiz u yoqlarga. Ochig‘i, tog‘liklar juda samimiy bo‘lishadi. Har bitta xonadonga gaz ballon olib borganimizda o‘sha xonadonga ozgina bo‘lsada iliqlik kirib boradi, hursand bo‘lib kutib olishadi. Buni ko‘rib hamma charchoqlarimiz chiqib ketadi.  

To‘g‘ri, gaz ballonlarni tog‘dagi xonadonga olib borilgani oddiygina holat bo‘lishi mumkin. Lekin mana shu oddiygina hodisa, tog‘liklar kayfiyatini qanchalik ko‘tarishini tasavvur qila olmaysiz. Mana shu bitta gaz ballon bilan o‘sha xonadonga bir olam iliqlik, xursandchilik kirib boradi.  

Nihoyat gaz plitaga qo‘yilgan choy ham qaynadi, choynak pishqirgancha uzun-uzun “surnay” chaldi. Uy bekasi gazni xotirjamgina o‘chirib, achchiqqina choy damladi. Qorli tog‘lar shundoqqina yaqindan ko‘rinib turgan derazaga termulgancha, xontaxta bo‘yida yonboshlab qaynoq choydan ho‘plashning gashti o‘zgacha...

O‘lmas Barotov, O‘zA.