Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘ va tog‘oldi maydonlarining 40 foizga yaqinida geologiya ishlari o‘tkazilgan
20:34 / 2023-08-03

Mamlakatimizda yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish, ularning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish sohasida bir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishida aniqlanayotgan zaxiralar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar energetika, avtomobilsozlik, elektronika, “yashil energiya” qurilmalari, kimyo va qurilish sohalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalarini alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit, kurilish sohasini ohaktosh, kvars, kaolin va boshqa noruda xomashyosi bilan ta’minlash choralari ko‘rilyapti.

Jalb qilinayotgan investitsiyalar hisobiga strategik ahamiyatga ega Olmaliqdagi uchinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi, Ohangaronda misni qayta ishlash klasteri ishga tushurilishi hamda Navoiy viloyatining qimmatbaho metallar ma’danlariga ega bo‘lgan konlari o‘zlashtirilishi natijasida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatida shular xususida so‘z bordi.

Tadbirda qayd etilganidek, qora metallurgiya sanoatini rivojlantirish dasturi qabul qilinishi evaziga 2030 yilgacha qora metall prokati va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvati 5 barobarga oshiriladi. Bugungi kunda yurtimiz tog‘ va tog‘oldi maydonlarining 40 foizga yaqin maydonlarida geologiya ishlari o‘tkazilgan bo‘lib, 2030 yilga qadar geofizika, geoximiya hamda regional geologiyadagi ishlarni kuchaytirish hisobiga umumiy o‘rganilganlik darajasi 70 foizdan oshadi.

Bundan tashqari, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2018 yilda Rossiyaning “MISIS” universiteti filiali, 2020 yilda Geologiya fanlari universiteti, 2021 yilda Italiyaning Piza universiteti filiali, 2022 yilda Navoiy davlat konchilikva texnologiyalar universiteti tashkil etildi. Yiliga 10 mingdan ziyod yoshlar ish bilan ta’minlanmoqda.

Ta’kidlanganidek, yer qa’ridan foydalanish sohasini raqamlashtirish, eng asosiysi aholi va tadbirkorlarga sifatli va shaffof davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida Yer qa’ridan foydalanish markazi tashkil etildi, yer osti boyliklaridan foydalanish ruxsatnomasini berish tartibi takomillashtirildi.

Davra suhbatida deputatlar tog‘-kon sanoati siyosatini ishlab chiqish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mineral-xom ashyo bazasini barqaror rivojlantirish va ko‘paytirish, sanoatni texnologik modernizatsiya qilish hamda mineral xomashyo asosida talab etiladigan mahsulot shakllarini olish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatini yaratish va qo‘shilgan qiymatli mahsulot zanjirini rivojlantirish lozimligini qayd etdilar. Shuningdek, yagona tizim asosida ta’lim, ilm-fan va innovatsion yechimlarni integratsiyalash vazirlikning istiqboldagi asosiy vazifa va yo‘nalishlariga aylanishi lozimligini ta’kidladilar.

Muhokamalar so‘nggida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA