Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Togʻli goʻshalardagi oilaviy mehmon uylari sayyohlarni kutmoqda
18:48 / 2020-09-08

Maftunkor togʻlar qoʻynidagi Sariosiyo tumanida ikkita mehmon uyi tashkil etilib, mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatish uchun zarur qulaylik yaratildi.


Maftunkor togʻlar qoʻynidagi Sariosiyo tumanida ikkita mehmon uyi tashkil etilib, mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatish uchun zarur qulaylik yaratildi.

Togʻli Sariosiyo tumani sayyohlikning eko, agro, gastronomik kabi turlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatga ega. Hududga kelayotgan turistlar safining kengayib borayotgani shinam oilaviy mehmon uylariga ehtiyojni yuzaga keltirdi. Ayni paytda tumanda 13 oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritayotgani ham bunga yaqqol dalildir.

Togʻli tumandagi Xurvatan va Maland qishloqlarida yangi tashkil etilgan ikkita oilaviy mehmon uyida ham sayyohlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Hurvatan qishlogʻidagi “Golden Xaus” oilaviy mehmon uyi bir paytning oʻzida 8 sayyohni qabul qilish imkoniga ega. Namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uyda mehmonlarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoit mavjud. Xonalar milliy va zamonaviy uslubda did bilan bezatilgan. Mehmonlar hududga xos milliy taomlar tayyorlanishini kuzatishi yoki oʻzlari tayyorlashi uchun oshxona ham barpo etilgan.

“MALAND travel” GUEST HOUSE oilaviy mehmon uyi atrofi xushmanzara togʻlar bilan oʻralgan Maland qishlogʻida ish boshladi. Bir paytning oʻzida olti mehmonga xizmat koʻrsatadigan moʻjazgina oilaviy mehmon uyi goʻzal tabiat manzaralariga boy qadimiy qishloqning togʻlarga tutash hududida joylashgan. Eko va agro turizm ishqibozlarini maftun etadigan qishloqdagi ilk oilaviy mehmon uyi xorijlik va mahalliy sayyohlarni qabul qilishga tayyor qilib qoʻyilgan.

– Qishlogʻimiz besh asrlik tarixga ega, – deydi “MALAND travel” GUEST HOUSE oilaviy mehmon uyi rahbari Boxtavar Xolmirzayev. – Toʻrt tarafi ham baland togʻlarga tutash soʻlim goʻshamiz toza havosi, rang-barang giyohlari, mevali va manzarali daraxtlari, tanga shifo boʻladigan buloq suvlari bilan ham mehmonlarga manzur boʻlmoqda. Qishlogʻimizning kelgusida sayyohlar bilan gavjum maskan boʻlishiga ishonaman. 

Shu bois ham turli mevali daraxtlarga boy hovlimizning bir qismida oilaviy mehmon uyi tashkil etdik. Mehmonlarga koʻngildagidek xizmat koʻrsatish barobarida ular uchun hududimiz boʻylab sayohatlar tashkil etamiz. Qishlogʻimiz tarixi bilan tanishtiramiz. Sayyohlar shu yerning oʻzida yetishtirayotgan sarxil mevalarimiz, asal va boshqa mahsulotlardan tatib koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi.

Maʼlumotlarga koʻra, Surxondaryo viloyatida 87 oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Ularning yigirmaga yaqini joriy yilda tashkil etilgan.