French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘-kon va metallurgiya sohasi bo‘yicha raqamli yechimlar taqdim etiladi
15:54 / 2025-10-27

Joriy yilning 28-30 oktyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2025” 19-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Bu haqda “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova quyidagilarni gapirib berdi:

– Ma’lumki, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash iqtisodiy rivojlanishning asosidir. Xomashyo va yuqori sifatli qayta ishlangan mahsulotlar – metall prokat, quvurlar va boshqa materiallar bilan ta’minlash iqtisodiyotning barcha tarmoqlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va ularning doimiy o‘sishiga hissa qo‘shadi.

Tabiiy resurslarga boy mamlakat bo‘lgan O‘zbekistonning tog‘-kon sektori ham o‘z sanoatini turli xomashyo bilan ta’minlash, ham eksport yetkazib berishni amalga oshirish va ko‘paytirish borasida barqaror rivojlanmoqda. Mamlakat rahbariyati sohani rivojlantirishga, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish uchun sharoit yaratishga, ishlab chiqarishning ekologik tozaligi va energiya samaradorligini oshirishga katta e’tibor qaratmoqda.  

Shu ishlar ijrosida tashkil etilayotgan “MiningMetals Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. U kon-metallurgiya sohasi mutaxassislari, tegishli vazirliklar va idoralar hamda ixtisoslashgan agentliklar uchun ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishning istiqbolli variantlarini ko‘rib chiqish imkoniyatini beradi. Bu yil ko‘rgazmada 15 mamlakat, ya’ni Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Latviya, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Chexiya, Eron, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindistondan 150 dan ortiq kompaniya ishtirok etadi.

Ko‘rgazma  "Tog‘-kon ishi" va "Metallurgiya va mashinasozlik" bo‘limlaridan iborat. "Tog‘-kon ishi" bo‘limida foydali qazilmalar qazib olish va qayta ishlashning barcha bosqichlari uchun keng qamrovli yechimlar, jumladan, maydalash, saralash va frezalash uskunalari, burg‘ilash qurilmalari va asboblari, flotatsiya kameralari, nasoslar va filtrlar, qum yuvish va suvsizlantirish uskunalari, ommaviy materiallarni tashish, konveyer tizimlari, ochiq turdagi va yer osti konchilik uchun ixtisoslashtirilgan uskunalar, shuningdek, konlarni avtomatlashtirish va raqamli monitoring qilish texnologiyalari namoyish etiladi.

"Metallurgiya va mashinasozlik" bo‘limida metallurgiya korxonalari uchun keng turdagi uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturiy boshqarish dastgohlari, prokatlash va quyish uskunalari, po‘lat quyish zavodlari uchun kranlar, filtrlash va aspiratsiya tizimlari, moylash-sovitish suyuqliklari, geotexnika va qurilish ehtiyojlari uchun materiallar, shuningdek, chiqindilar va ikkilamchi metallarni qayta ishlash yechimlari taqdim qilinadi. Ochiq ekspozitsiyada tashrif buyuruvchilar qurilish va konchilik uskunalari, burg‘ilash qurilmalari, ekskavatorlar, telexendlerlar va filtr-presslarini ko‘rishlari mumkin.  

Bu yil birlashgan stend doirasida ishtirok etayotgan mahalliy tog‘-kon sanoati va metallurgiyaning flagmanlari ekspozitsiyasi muhim o‘rinni egallaydi.  O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyuran” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ kabilar shular jumlasidan.

An’anaga ko‘ra, yettinchi marta ko‘rgazma doirasida “O‘zbekiston xalqaro kon-metallurgiya forumi – UIMF 2025” bo‘lib o‘tadi. "Kelajakning tog‘-kon sanoati: resurslar va strategiyalar" mavzusidagi ushbu forumda hukumat vakillari, soha rahbarlari,  yirik ishlab chiqaruvchilar, investorlar, moliya institutlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Nufuzli tadbir “Congresses of Central Asia - CCA” xalqaro kompaniyasi tomonidan tashkil etiladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva

yozib oldi.