O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida markaziy apparat, tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Vazir Bobir Islomov rahbarligida bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda qayd etilishicha, davlat rahbari tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida qator yutuqlar qo‘lga kiritilyapti. Xususan, yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, yangi konlar o‘zlashtirilmoqda va xomashyo resurslarini samarali qayta ishlash borasida ilg‘or texnologiyalar joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, yig‘ilishda sohada kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda xorijiy tajribani o‘rganish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish hamda ilg‘or metodikalardan foydalanish dolzarb vazifalardan biridir. Shundan kelib chiqib, bu jarayonda inson resurslarini to‘g‘ri boshqarish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Prezidentning tegishli farmoniga asosan Rustam Yusupov tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Hukumat qaroriga muvofiq, A’zam Qodirxo‘jayev Geologiya fanlari universiteti rektori etib tayinlandi.

Ta’kidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar va yutuqlar soha ravnaqida muhim hisoblanadi. Ayniqsa, malakali kadrlarni tayyorlash, innovatsion yechimlarni joriy etish va tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar bu jarayonlar natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA