Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘-kon va geologiya sohasida ish o‘rinlarini yaratish borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
17:08 / 2023-09-21

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamkorligida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev mamlakatimizda yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish, yer qa’rini kompleks geologik o‘rganish, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim masalalardan biri ekanini ta’kidladi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.    

— Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2018 yilda Rossiyaning “MISiS” universiteti filiali, 2020 yilda Geologiya fanlari universiteti, 2021 yilda Italiyaning Piza universiteti filiali, 2022 yilda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti tashkil etildi, — dedi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi Nodir Muhiddinov. — Bugungi kunda vazirlik tizimida 122 yarim mingdan ortiq ishchi va xizmatchi xodimlar faoliyat olib bormoqda. 

2024-2030 yillar davomida sohadagi xodimlar soni 205 ming 910 nafar bo‘lishi belgilangan. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yer qa’ridan foydalanish yo‘nalishida yaratilayotgan imkoniyatlar doirasini kengaytirish maqsadida geologiya, foydali qazilmalarni sanoat miqyosida o‘zlashtirish, qazib olish yo‘nalishlarida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari orqali 2030 yilga qadar 51 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, 2023 yilda sohada amalga oshirilayotgan 39 ta investitsiya loyihasi doirasida 1 ming 802 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Joriy yilda vazirlik tarkibiga kiruvchi yirik korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan 24 ta investitsiya loyihasi doirasida 1 ming 602 ta, 2024-2030 yillarda sohada tog‘-kon sanoati va metallurgiya yo‘nalishida 44 ta yirik investitsiya loyihasi doirasida 20 ming 384 ta ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Geologiya yo‘nalishida ham investitsiya dasturi asosida 15 ta investitsiya loyihasi doirasida 3 ming 810 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihalari doirasida qo‘shimcha ravishda jami 5 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.  

Muhokamalar davomida deputatlar tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi muhim yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidlab, sohaga tadbirkorlar va investorlarni jalb qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va innovatsion yechimlarni integratsiyalash borasida qator taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar.    

 

M.Komilova,  

O‘zA