Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘-kon sohasidagi 367 ta geografik ob’ekt nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirildi
15:52 / 2025-07-17

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 18 iyundagi 379-sonli qaroriga asosan mazkur geografik ob’ektlar nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirildi.

Mazkur yangilik yuzasidan tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi Ziyoda Ahmedova quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

– Vazirligimiz tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash, geografik ob’ektlar nomlarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda soha olimlari, geograflar, tarixchilar, o‘lkashunoslar va lingvistlar ishtirokida maxsus ishchi guruh faoliyat yuritdi. Konlar nomlari joylashuv hududi, tarixiy manzaralar va xomashyoning xususiyatlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Belgilangan tartibda kon nomlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilib, Respublika komissiyasi xulosasiga asosan qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, 367 ta geografik ob’ekt nomlari davlat tilidagi qoida va me’yorlarga moslashtirildi. Jumladan, 39 ta rudali, 105 ta noruda va 126 ta uglevodorod koni nomlari qayta ishlab chiqildi. Shuningdek, 97 ta ob’ektga, xususan 4 ta rudali, 63 ta noruda va 30 ta uglevodorod koniga yangi nomlar berildi.
Foydali qazilma konlariga nom berishda mahalliy aholining turmush tarzi, tarixiy meros, milliy va tilga oid xususiyatlar chuqur tahlil qilindi. Bu nafaqat geologiya sohasida, balki umumiy til madaniyatida ham muhim qadam bo‘ldi.

Ayni paytda vazirlik tasdiqlagan nomlar asosida ish hujjatlari va axborot bazalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Yer qa’ri davlat fondi kadastridagi foydali qazilma konlari nomlari xatlovdan o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilangan nomlar bilan taqqoslanmoqda va zaruratga ko‘ra yangi nomlar berish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, soha mutaxassislari va keng jamoatchilikka qulaylik yaratish maqsadida geografik ob’ektlarning eski va yangi nomlari aks ettirilgan Android mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Ushbu ilovani vazirlikning rasmiy veb-saytidan yuklab olish mumkin.

Bu tashabbus nafaqat o‘zbek tilini sohaviy yo‘nalishda mustahkamlash, balki yosh avlodni geologiya sohasiga qiziqtirish, milliy tilni jamoat hayotida keng qo‘llash imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA