So‘nggi yillarda tog‘-kon sohasida noqonuniy oltin qazib olish holatlari ko‘paygani bois, bu yo‘nalishda nazorat kuchaytirilmoqda. Shu maqsadda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan muntazam tekshiruvlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi doirasida inspeksiya rahbariyati hamda mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruh Buxoro va Navoiy viloyatlarida navbatdagi xizmat tekshiruvlarini o‘tkazdi.
Natijada Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi "Quljuqtov" hamda Navoiy viloyati Konimex tumanidagi "Tovshan" tog‘ massivlarida joylashgan "Oltin kon" MCHJ hududlarida noqonuniy oltin qazib olish holatlari fosh etildi.
Aniqlanishicha, kompaniya ruxsatisiz begona shaxslar tomonidan qazish ishlari amalga oshirilgan. DXX va viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 37 nafar shaxs noqonuniy oltin qazib olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida 3 ta Ford avtomashinasi, 8 ta perforator, 6 ta kompressor hamda tarkibida oltin moddasi mavjud 400 qopga yaqin ruda va boshqa qo‘lbola asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Tekshiruvlar natijasida noqonuniy faoliyat oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 20 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi 2-qismi "b" bandi (foydali qazilmalarni ruxsatsiz qazib olish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA