Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi fan, ta’lim sohasida amaliy natijalarga erishmoqda
18:32 / 2025-06-23

Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida fan, ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.

Anjumanda vazir o‘rinbosari Ural Yusupov, Geologiya fanlari universiteti rektori A’zam Qodirxo‘jayev va Mineral resurslar instituti direktori Maqsud Isoqov ishtirok etib, sohada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

Qayd etilganidek, hozirgi kunda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida Geologiya fanlari universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Rossiyaning “MISiS” universiteti Olmaliq shahridagi filiali hamda Italiyaning Piza universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. 

[gallery-24011]

– Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 25 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishida jami 10 780 nafar talaba tahsil olmoqda. Ulardan 3 654 nafari kunduzgi, 7 006 nafari sirtqi ta’lim shaklida, 120 nafari esa magistratura bosqichida o‘qimoqda. Universitetda asosiy shtatda 320 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 42 nafar fan doktori va 170 nafar fan nomzodi mavjud. Asosiy professor-o‘qituvchilar tarkibidagi ilmiy salohiyat 66,3 foizni tashkil etadi. Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasida 2024 yilda 147 ta, 2025 yilning birinchi yarmida 51 ta maqola chop etilgan. Innovatsion rivojlanish agentligining grant loyihalari doirasida 2024 yilda 6,9 mlrd. so‘mlik, 2025 yilning birinchi yarmida esa 5,9 mlrd. so‘mlik ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Yirik sanoat korxonalari bilan tuzilgan xo‘jalik shartnomalari asosida esa 2024 yilda 9,7 milliard so‘m, 2025 yilning birinchi yarmida 6,55 milliard so‘mlik ilmiy ishlar bajarilgan. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 2,4 milliard so‘mlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalardan 1,49 milliard so‘m miqdorida tushum ta’minlangan. 

Hozirgi kunda universitetda 3,3 million dollar qiymatidagi 12 ta xalqaro loyiha amalga oshirilmoqda. 2024 yilda 7 ta, 2025 yilning birinchi yarmida esa 3 ta intellektual mulk patenti olingan. Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida universitet ixtirolari jahon hamjamiyati tomonidan ham tan olinmoqda. Xususan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti va Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 12 nafar xodimi sulfidli rudalardan oltinni ajratib olish bo‘yicha yaratgan ixtirolari uchun BMTning Intellektual mulk bo‘yicha butunjahon tashkilotining “Ixtirochilik uchun” oltin medali bilan taqdirlandi, – deya ta’kidladi U.Yusupov. 

Matbuot anjumanida Rossiyaning “MISiS” universiteti Olmaliq shahridagi filiali faoliyati haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, bu yerda jami 918 nafar talaba tahsil olmoqda, shundan 212 nafari kunduzgi, 115 nafari sirtqi shaklda o‘qimoqda. Filialda 73 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda, shundan 12 nafari fan doktori, 31 nafari fan nomzodidir. Ilmiy salohiyat professor-o‘qituvchilar tarkibida 57 foizni tashkil etadi. 2025 yilda 12 ta loyiha doirasida jami 13 milliard so‘mlik ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Innovatsion rivojlanish agentligi davlat dasturlari doirasida 10 milliard so‘mlik, xo‘jalik shartnomalari asosida 3 milliard so‘mlik ishlar bajarilmoqda. 

Shuningdek, Toshkent shahridagi Piza universiteti filialida “Geologiya” yo‘nalishida 155 nafar talaba kunduzgi shaklda tahsil olmoqda. Bu yerda darslar kredit-modul tizimi asosida ingliz tilida olib boriladi. Filialda jami 30 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, ulardan 25 nafari Italiyadan kelgan mutaxassislar hisoblanadi. 

N.Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA