Ma’lumki, tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Bu tizim nafaqat qimmatli metallar va minerallar zaxiralarini samarali qazib chiqarish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori texnologiyalarni joriy etish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishda ham ahamiyatli.
Shuningdek, geologiya atrof-muhitni saqlash, tabiiy resurslarni oqilona boshqarish va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun asosiy yo‘nalishlardan. Bugungi kunda mazkur sohalarni yanada takomillashtirishda o‘quv va amaliyot tadbirlarini o‘tkazish har jihatdan muhim hisoblanadi.

“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tarkibidagi Toshkent markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasida tashkil etilgan tadbirda shu xususda so‘z yuritildi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimlari ishtirok etgan o‘quv-amaliy seminarda mazkur sohalar sarhisobi, tadqiqot, amaliyot va jarayonlarni o‘rganishda zamonaviy usullar ahamiyatiga urg‘u berildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, geologiya sohasida amaliyotning samarali bo‘lishi uchun maydon tadqiqotlari va ekspeditsiya faoliyati, laboratoriya ishlari hamda olingan namunalarni to‘g‘ri hujjatlashtirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, zamonaviy burg‘ilash uskunalari va geoinformatsion texnologiyalardan foydalanish, xodimlarning yuqori malakasi va tayyorgarligi, soha standartlari hamda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish talab etiladi. Amaliyotda turli ekspeditsiyalar va laboratoriyalar orasida bilim va tajriba almashish ham sohaning rivojlanishi va samaradorligini ta’minlaydi.

Shunga asosan tadbir dasturi doirasida ishtirokchilar dastlab Olmaliq dala ekspeditsiyasi faoliyatini o‘rgandi. Ular yer yuzi va geologik qazishmalardagi ishlar jarayonini kuzatib, sohada amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng ular Miskon koniga borib, u yerdagi geologiya-qidiruv jarayonlarini batafsil o‘rgandi, burg‘ilash quduqlaridan olingan kern namunalari bilan ishlash, ularni hujjatlashtirish, maydalash va tahlil qilish jarayonlari bilan tanishdi.
–Geologiya sohasida amaliyot faqat nazariy bilim bilan cheklanmasligi kerak, – dedi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bosh mutaxassisi Saida’zam Habibullayev. – Maydon tadqiqotlari va laboratoriya ishlaridagi real tajriba xodimlarning kasbiy malakasini mustahkamlaydi va yangi texnologiyalarni samarali joriy qilish imkonini beradi. Shuningdek, bu jarayonlar xodimlarning mas’uliyatlilik va hamjihatlik hissini oshirib, sohaning rivojiga qator ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Seminar davomida Sharqiy-Qurama dala ekspeditsiyasi laboratoriya kompleksi faoliyati ham amaliyot asosida taqdim etildi. Bu esa ishtirokchilarga laboratoriyadagi zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanish, geologik namunalarni tahlil qilish va tahlil natijalarini to‘g‘ri hujjatlashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkonini berdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ta’kidlaganidek, bunday seminarlar xodimlar malakasini oshirish, sohadagi yangiliklar va zamonaviy usullar bilan tanishish hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tajriba almashuvi uchun muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA