Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toʻqsonbosti usulida sabzavot yetishtirish koʻpaytiriladi
17:35 / 2020-10-19

Xalqimizda “Toʻqsonda sugʻorsang, toʻqson botmon hosil olasan”, degan purmaʼno maqol bor.

Munosabat 

Xalqimizda “Toʻqsonda sugʻorsang, toʻqson botmon hosil olasan”, degan purmaʼno maqol bor. 

Bu naql bejiz aytilmagan, albatta. Negaki, ekinlarni kuzda ekib, qor ostida qoldirish usuliga toʻqsonbosti deb aytiladi. Bunday ekinlarning urugʻlari erta koʻklamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.

Mutaxassislar esa sarimsoqpiyozni sentyabrning uchinchi oʻn kunligidan oktyabr oyining boshiga qadar ekib tugatishni tavsiya etishadi. Bu muddatdan kechiktirib ekilgan ekin ildiz olishga ulgurmaydi va qishki past haroratga bardosh berolmaydi.

Oʻsimlikni kuzda ekishning yana bir sababi shundaki, shu vaqtda ekilgan sarimsoqpiyoz koʻklamda ekilganiga nisbatan koʻproq hosil beradi. Eng muhimi, dehqonchilikning toʻqsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai boʻlish bilan birga, aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish imkonini ham beradi.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror sarimsoqpiyoz yetishtirish va eksport qilish hajmlarini koʻpaytirishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

Unga muvofiq Sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi hamda uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi.

Uyushma faoliyati ekin maydonlari va aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish eksportbop, jumladan, sarimsoqpiyoz yetishtirish va eksport qilish hajmlarini koʻpaytirishni tashkil etishga yoʻnaltirilgan. Uning faoliyati orqali aholining moddiy manfaatdorligini oshirish moʻljallanmoqda.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, Uyushma mahsulot yetishtiruvchilarga agronomik tavsiyalar berish, hosillarni eng maqbul davlatlarga qulay vaqtlarda eksport qilishda koʻmaklashish, mahsulot yetishtiruvchilar malakasini oshirish bilan shugʻullanadi. Qolaversa, tashqi va ichki bozor talablaridan kelib chiqib, har yili 1-iyunga qadar avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligiga takliflar kiritib boradi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu hujjat bilan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2021-2022-yillar hosili uchun avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini turlari boʻyicha yetishtirish hajmi toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.

Avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlari paxta va gʻalla maydonlaridan qisqartirilgan, foydalanishga kiritiladigan, zaxiradagi yerlar, shuningdek, takroriy ekin sifatida gʻalladan boʻshaydigan va boshqa yer maydonlariga joylashtiriladi. Ularni yetishtirish “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratiladigan, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Prezidentimiz qarorida oʻz ifodasini topgan yana bir muhim yangilik –Uyushma Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlarini klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish boʻyicha xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan aniq loyihalarni tijorat banklariga taqdim etadi.

Sarimsoqpiyoz yetishtirish loyihasini amalga oshirish uchun 7 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratiladi. Ular Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasidan Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 1 yillik muddatga Buloqboshi tumani hokimligi va Uyushma kafilligi asosida teng ulushlarda ssuda sifatida ajratiladi.

Xulosa qilib aytganda, ekin maydonlari va aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish, eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻpaytirish eng ustuvor vazifa sanaladi. Mazkur qarorning ijrosi shubhasiz, kambagʻallikni qisqartirish va aholining moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.