Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toʻqsonbosti usuli moʻmay daromad keltirishini bilasizmi?
16:40 / 2020-10-22

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-oktyabrda qabul qilingan “Sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Fargʻona viloyatida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.


Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-oktyabrda qabul qilingan “Sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Fargʻona viloyatida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.

Qoʻshtepa tumanida “Grapes and Gardens Investment” aksiyadorlik jamiyati tomonidan intensiv bogʻlar yaratishga kirishilgan. 100 gektarda oʻrik, 52 gektarda gilos ekilgan boʻlib, tomchilatib sugʻorish, sunʼiy soya qilish uskunalari oʻrnatilgan. Ayni kunlarda bu yerda sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish ishlari boshlandi. Shu kunga qadar jamiyatga qarashli 19 gektar ekin maydonlariga sarimsoqpiyoz, piyoz, sholgʻom, rediska, ukrop, kashnich urugʻlari qadaldi.

Negaki, toʻqsonbosti mahsulotlar erta bahorda, aholining aynan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabi ortgan vaqtda pishib yetilishi bozorlarimizda ushbu mahsulotlar narxi asossiz oshib ketishining oldini oladi.

– Toʻqsonbosti usuli fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari uchun katta imkoniyat yaratib berdi, – deydi mazkur jamiyat bosh agronomi Tolibjon Gʻofurov. – Joriy yilda 70 gektar bogʻ oralarida sarimsoqpiyoz va toʻqsonbosti usulda sabzavot mahsulotlari yetishtirish borasida ish olib boryapmiz. Shu maqsada ekin maydonlari kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, dehqonchilik hadisini olgan oilalarga ijara asosida boʻlib berildi. 

Ular sabzavot mahsulotlari yetishtirish asnosida bogʻ qator oralaridagi mevali daraxtlar parvarishlashda yordam beradi. Kelasi yil bu boradagi ishlar hajmi ikki hissaga oshadi. Bu samarali usul ekin maydonlarining har qarichidan unumli foydalanish, ichki va tashqi bozorga mahsulot eksport qilish hajmini keskin oshirish imkoniyatini beradi.

Xalqimizda “Toʻqson kunda tovoqda”, “Toʻqsonda sugʻorsang, toʻqson botmon hosil olasan”, degan purmaʼno maqollar bor. Bu naql bejiz aytilmagan, albatta. Negaki, ekinlarni kuzda ekib, qor ostida qoldirish usuliga toʻqsonbosti deb aytiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday ekinlarning urugʻlari erta koʻklamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Toʻqsonbosti mahsulotlarni kuzda ekishning yana bir sababi shundaki, shu vaqtda ekilgan sarimsoqpiyoz koʻklamda ekilganiga nisbatan koʻproq hosil beradi. Shuningdek, bu samarali usulda ishlovchilarni klaster va kooperatsiyalarga jamlash, yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash borasida yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlar tarmoq rivojida katta ahamiyatga ega.

Keng paykallar boʻylab ekilgan kuzgi sabzavot ekinlari baravj rivojlanmoqda. Sanoqli kunlardan soʻng shifobaxsh va vitaminlarga boy mahsulot turlarining bir qismi savdoga chiqariladi.

– Ijara asosida bir gektar yer olib, bir qismiga sarimsoqpiyoz,toʻqonbosti usulda piyoz, rediska ekdim, – deydi Ahadjon Usmonov. – Ayni kunda kuzgi rediskani sotuvga chiqardik. Hosil choʻgʻi chakki emas. Mehnatimizga yarasha daromad olyapmiz. Sanoqli kunlardan soʻng koʻkpiyozni bozorga chiqaramiz.

Darhaqiqat, bir gektar maydonga ekilgan sarimsoqpiyoz oʻrta hisobda 10 tonna hosil beradi. Bir kilogramm mahsulotning bugungi bozor bahosi 30-35 ming soʻmligi hisobga olinsa, daromad choʻgʻini chamalab olish qiyin emas. Qolaversa, ”ilik uzildi” paytida pishib yetilgan sabzavotlar hamisha xaridorgir. Dehqonlar taʼbiri bilan aytganda, bu usulda mehnat qilgan dehqon yilning toʻrt faslida moʻmay daromad olish imkoniyatiga ega.