Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoati izchil rivojlanmoqda
16:17 / 2014-07-21

Termiz shahrida to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roliga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Termiz shahrida to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roliga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsion va ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘qimachilik hamda yengil sanoatni yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir. Sohani rivojlantirishga mahalliy va xorijlik sarmoyadorlarning katta qiziqish bildirayotgani zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni texnik va texnologik yangilash, modernizatsiya qilish yo‘lida keng imkoniyat yaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 30-apreldagi “Mahalliy iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va turlarini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Surxondaryo viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ana shu haqda atroflicha fikr yuritildi.

Viloyat manzilli dasturi doirasida 2013-2015-yillarda 18 ta yangi yengil sanoat korxonasi tashkil etish, bitta korxonani texnik va texnologik qayta jihozlash rejalashtirilgan. 89 million AQSh dollaridan ziyod investitsiya yo‘naltiriladigan ushbu loyihaning amalga oshirilishi samarasida yetti mingdan ortiq yangi ish o‘rni barpo etiladi. Viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining 25,3 foizini zamonaviy xorij uskunalari bilan jihozlangan mahalliy korxonalarda qayta ishlash imkoniyatini yaratadi. Dasturga muvofiq, qisqa davrda besh yarim million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya o‘zlashtirilib, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Charog‘on tekstil”, Boysun tumanidagi “Boysuntekstil”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Pokiza-Mashhura” xususiy korxonalarida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Termiz shahridagi “Saodat” savdo-ishlab chiqarish korxonasi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘onneft” aksiyadorlik jamiyati va Sherobod tumanidagi “Oltin tuproq tuhfasi” xususiy korxonalari yiliga 25 ming dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy xorij uskunalari bilan jihozlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Termiz shahri va tumanlarda 550 dan ortiq tikuv dastgohi o‘rnatilib, olti yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

– Xorijning 20 zamonaviy bichish-tikish dastgohini o‘rnatib, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi Termiz shahridagi “Lola Imkon Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sayyora Quvvatova. – Natijada qirqqa yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Ayni paytda mahsulotlarimiz mahalliy bozorda xaridorgir. Kelgusida mahsulot turlarini yanada ko‘paytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz. Faoliyatimizni rivojlantirishda tijorat bankining imtiyozli kredit mablag‘lari qo‘l kelmoqda.

Seminarda sohani yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.