French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘qimachilik sanoati: hamkorlik samaralari
17:17 / 2015-05-27

“O‘zekspomarkaz” pavilyonlarida 27-may kuni “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

“O‘zekspomarkaz” pavilyonlarida 27-may kuni “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. 

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, «O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi, «Osiyo ramzi» O‘zbekiston modelyerlar va dizaynerlar uyushmasi ko‘magida ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va ITE kompaniyalari guruhi tomonidan tashkil etildi. 

ЃgO‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi I.Haydarov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida to‘qimachilik va yengil sanoatda eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni texnik va texnologik yangilash, modernizatsiya qilish, huquqiy bazani yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tarmoqni yanada rivojlantirish hamda uning eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda qulay sarmoyaviy va biznes muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘qimachilik va yengil sanoatni izchil taraqqiy ettirishga katta hissa qo‘shayotir. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 7-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi bu borada muhim omil bo‘layotir. Ushbu dasturga muvofiq to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 900 million AQSh dollaridan ortiq 77 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur dasturning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimiz yengil sanoatining eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shadi. 

1c (4).JPG
Bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilik va yengil sanoatidagi ishlab chiqarish korxonalari yuqori darajada jihozlangan ko‘p tarmoqli yirik sanoat kompleksidan iborat. «O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi sanoat muassasalari ip-kalava, mato, turfa xildagi tikuvchilik, tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari, maxsus kiyimlar kabi keng turdagi yuksak sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Bu kabi yengil sanoat mahsulotlari bilan nafaqat ichki bozor ta’minlanmoqda, balki ular Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika mamlakatlariga yetkazib berilayotir. 

An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimiz to‘qimachilik va yengil sanoati salohiyati va yutuqlarini keng namoyish etish, tarmoqni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xorij investitsiyasini jalb etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratmoqda. 

Bu galgi forumda O‘zbekiston, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Indoneziya, Belarus, Polsha, Turkiya, Latviya, Litva kabi qator davlatlardan yetmishdan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etayotir. Jahon to‘qimachilik sanoati mutaxassislari o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgan ushbu ko‘rgazma sohaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va iste’molchilarini bir maydonga to‘plab, ularning yengil sanoat haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytirishga, sohada o‘zaro axborot va tajriba almashishga xizmat qilmoqda. 

– Qariyb o‘ttiz yillik tajribaga ega kompaniyamiz to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi “Quanzhou Hengyi Machine” kompaniyasi direktori Sao Jiing (Xitoy). – Biz O‘zbekiston korxonalari bilan bir necha yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelamiz. Mazkur ko‘rgazmada to‘qimachilik sanoatida qo‘llash qulay bo‘lgan ilg‘or texnologiyani namoyish etyapmiz. O‘zbekistonda boshqa sohalar qatori yengil sanoatning jadal rivojlanib borayotgani mamlakatingizning istiqbolli bozorida o‘z o‘rnimizni yanada kengaytirishga qiziqishimizni oshirmoqda. 

Jahon bozorida talab tobora ortib borayotgan O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari yuksak sifati va raqobatbardoshligi, xalqaro andozalarga to‘la mosligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Xalqaro ko‘rgazmada faol ishtirok etayotgan mamlakatimiz korxonalari bu boradagi ulkan salohiyatni namoyish etgan holda turfa xildagi ekspozitsiyalarni – rang-barang gazlamalar, ip-kalava, trikotaj polotnosi, kattalar va bolalar kiyimlari, pahmoq va jinsi mahsulotlar, tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazmada qatnashayotgan istiqbolli korxonalar safida “Alkim Textile”, “Uztex”, “Azalea Garment”, “Cotton Fashion”, “Feteks Textile Chemicals”, “Nortex Style”, “Osborn Textile”, “Sedat Triko Tashkent”, “Urganch Bahmal” kabi sanoat muassasalari bor. Ular tomonidan namoyish etilayotgan mahsulotlar barchaning e’tiborini tortmoqda.

– Kompaniyamiz o‘z tarkibida o‘ttiz korxonani jamlagan, – deydi Samarqanddagi “Sharq Sanoat” konserni raisi o‘rinbosari Ahmad Ergashev. – Mazkur ko‘rgazmada to‘qimachilik sanoatiga ixtisoslashgan uchta korxonamiz o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Korxonalarimiz eng zamonaviy uskunalar bilan to‘liq jihozlangan va barcha xalqaro standartlarga javob beradi. Trikotaj mahsulotlarimizning aksariyati eksport qilinadi. 2014-yilda jinsi matolardan turfa kiyimlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Ularga talab g‘oyat yuqori. Ko‘rgazmada yangi hamkorlar topib, istiqbolli shartnomalar tuzish niyatidamiz. 

Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Belarus kompaniyalari jun va texnik matolar, ip-gazlamalar, kiyim-kechaklar, kimyoviy tolalar, poliestr va texnik iplar kabi mahsulotlarni taqdim etmoqda.

– Kompaniyamiz jun gazlama ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, – deydi “Kamvol” kompaniyasi bosh direktori Sergey Gorovoy (Belarus). – Mahsulotlarimizdan maktab formalari va kostyumlar tikish qulay. O‘zbekistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilib kelamiz. Ana shunday samarali va muvaffaqiyatli hamkorlik uchun keng yo‘l ochib bergan, katta imtiyozlar va imkoniyatlar yaratib bergan O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Mamlakatingiz kompaniyalari bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz.

Ushbu xalqaro ko‘rgazma mamlakatimiz va jahon to‘qimachilik sanoatida qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarni namoyish etishi bilan ahamiyatlidir. Bu yengil sanoatni yanada ravnaq toptirish va bu bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish barobarida sohaga oid talab va takliflarni o‘rganish, mamlakatimizga xorij sarmoyasini jalb etish, chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda istiqbolli qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.