Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
T.Norboyeva: Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda ularga ma’nan zarar yetkazmaslik kerak
16:50 / 2021-11-19

Bola huquqlari va ayollar masalasi Senatning doimiy ustuvor vazifasi hisoblanadi. Senat raisi ushbu yo‘nalishdagi dolzarb masalalarni nazorat olib, ularni hal etishga birinchi navbatda e’tibor qaratib kelmoqda.

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida “Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokamasi chog‘ida Senat raisi qonunning dolzarbligini qayd etdi.

– Kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlashga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayayotganidan dalolat, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. – E’tiborli jihati, ushbu qonun bilan Reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlaridagi opa-singillarimiz, kerak bo‘lsa ularning bolalarini ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘ligi, irodasini tiklash, kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirishning qonuniy kafolati mustahkamlanmoqda. Bu jarayonda mahallaning ishtiroki faollashtirilayotgani ham juda muhim.

Qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunlarga kiritilayotan o‘zgarishlarga muvofiq mahalla fuqarolar yig‘inlari tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, ularga murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, mazkur holatlar to‘g‘risida ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari, ichki ishlar organlarini zudlik bilan xabardor etish, mahalla hududida tazyiq va zo‘ravonlik qilgan yoki qilishga moyilligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ular bilan olib boriladigan profilaktik ishlarda ishtirok etish vakolatlariga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, mehnat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda. Unga ko‘ra, endilikda mehnat organlari ish qidirayotgan va og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va kasbga yo‘naltirish choralarini ko‘radi.

Ta’kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar hamda ularning bolalari, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga keltirilgan jabrlanuvchilar hamda ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bepul davolash chora-tadbirlarini amalga oshirish qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Qonunning amalda ishlashi, ko‘p jihatdan xabardorlik masalasiga borib taqaladi. Shu bois joylarda – mahallalarda, OAV, ijtimoiy tarmoqlarda tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarur bo‘ladi.

– Fuqarolar yig‘ini mas’ullari og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash masalalarida qonun ustuvorligi bilan bir qatorda ma’naviy-axloqiy jihatlarga katta e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi, – dedi Senat raisi. – Ya’ni, ularga yordam berayotganda ma’nan zarar yetkazmaslik kerak. Bu masala ijtimoiy tarmoqlar va OAVda ko‘p muhokama qilinmoqda. Shu sababli ham ushbu hujjat yangiliklar bilan to‘ldirilib, yanada mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonunning kuchga kirishi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, manzilli yordam ko‘rsatish ishlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA