Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
T.Norboyeva: “Halollik vaksinasi” bilan emlangan avlodni voyaga yetkazish – ustuvor vazifalardan biri
09:56 / 2025-06-04

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda maktab va maktabgacha ta’lim tizimidagi korrupsiya holatlari va ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar muhokama qilindi.

Kengash raisi T.Norboyeva boshqargan majlisda asosiy maqsad kamchiliklarni fosh etish emas, balki ularga birgalikda yechim topishdan iboratligi qayd etildi. Shu bois, Senatning tegishli qo‘mitalari va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh vazirlik bilan hamkorlikda vaziyatni har tomonlama o‘rgandi.

"Korrupsiyasiz soha" loyihasi bo‘yicha qator dasturlar qabul qilindi. Shu bilan birga, maktabgacha va maktab ta’limiga oid 79  normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi. Korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida bir qator davlat xizmatlari elektron shaklda joriy etildi. Jumladan, bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish, 1-sinfga qabul qilish, pedagog kadrlarni attestatsiya qilish, litsenziyalash, apostil qo‘yish kabi xizmatlar raqamlashtirildi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolar uchun qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda.

Yoshlarda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini shakllantirish maqsadida maktab va bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun maxsus “Korrupsiyaga qarshi kurashish” o‘quv dasturi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, maktab va bog‘chalarda GRACE dasturi doirasida halollik tarbiyasi joriy etilishi muhim ekani ta’kidlandi.

T.Norboyeva “Halollik vaksinasi” bilan emlangan avlodni voyaga yetkazish – ta’lim tizimi oldidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Buning uchun faqat o‘quvchilar emas, balki o‘qituvchi va tarbiyachilarning o‘zi ham tizimli o‘qitilishi, malakasi oshirilishi shart.

Majlis yakuni bo‘yicha ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni yanada faollashtirish, ishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash, ichki nazorat tizimini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

N.Abduraimova,

O‘zA