Bugungi kunda Shimoliy kon boshqarmasining biror bir bo‘linmasini “Ta’mirlash mexanika sexi” yorlig‘i ostida ishlab chiqarayotgan murakkab detallar va nostandart mahsulotlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Ayni paytda Ta’mirlash-mexanika sexida 4 ta uchastka faoliyat ko‘rsatib, bu yerda jami 136 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Sex jamoasi tomonidan Shimoliy kon boshqarmasining barcha bo‘linmalari uchun vagon-kabinalar, 3-GMZ uchun metall konstruksiyalar va nostandart uskunalarni ishlab chiqarish, ta’mirlash hamda montaj qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “Sharqiy”, “Auminzo-Amantoy”, “Turbay”, “Dovg‘istov” konlari uchun tog‘-kon uskunalarini joriy va mukammal ta’mirlash, Temir yo‘l sexi uchun temir yo‘l sisternalarini ta’mirlash, 1-sonli Avtokorxona hamda Avtomobil transport boshqarmasi uchun transport vositalari va og‘ir texnikalarni ta’mirlash ishlari izchil olib borilmoqda.
Hozirda kon boshqarmasi tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari asosiy uskunalariga butlovchi va ehtiyot qismlarning katta qismi Ta’mirlash mexanika sexida ta’mirlanmoqda. Shu bilan birga korxonada mahalliy xom-ashyo bilan import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha tushgan taklif va loyihalar asosida ham buyurtmalar o‘z vaqtida sifatli, to‘liq amalga oshirilib kelinmoqda.

– So‘nggi besh yil davomida sex tomonidan kon boshqarmasi ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan mahalliylashtirilgan, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hisobiga chet el valyutasiga olib kelinadigan butlovchi qismlar va ehtiyot detallar hajmini qisqartirishga erishildi. Shu bilan birga, yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish, ularni o‘zlashtirish hamda sifat ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan bir qator loyihalar izchil amalga oshirildi, – deydi sex boshlig‘i Nurali Do‘stov. – Bu esa o‘z o‘rnida oltin ajratib olish va uning tannarxini pasaytirish hamda korxonaning oldiga qo‘yilgan rejalarning bajarilishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Jumladan, mustaqilligimiz ilk mevasi 3-sonli gidrometallurgiya zavodida Ta’mirlash mexanika sexining ishchi-xodimlari tomonidan tayyorlangan qator nostandart qurilmalarning ta’mirlanishi mahalliy mutaxassislarimizning salohiyatidan darak beradi.
2025 yil mahalliylashtirish dasturi doirasida sexda 63 dona karer ekskavatorlarining yirik kovshlari ta’mirlandi. Shuningdek, 116 dona himoyalovchi bronyalar, filtrlash uskunalari korpuslari, elektrodvigatel shyotkalari kabi zarur butlovchi va yordamchi uskunalar ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, “Qoqpatas va Dovg‘istov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbati)” kabi muhim ahamiyatga ega investitsion loyihalar uchun 10 dan ortiq nostandart uskunalar tayyorlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri