Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tizimli yordam bilan yangi hayotga qadam
13:08 / 2025-09-26

Jang‘il Meniqulova Navoiy viloyati Nurota tumanining Amir Temur mahallasida istiqomat qiladi. Bundan uch yil avval turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin taqdir sinovlariga ro‘baro‘ keldi.

Uch nafar farzandi bilan qiyinchiliklarga duch kelgan Jang‘il opa mahalladagi ijtimoiy xodimga murojaat qildi. Natijada mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim uning xonadoniga kelib, oila sharoitini o‘rgandi va “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritdi. Oilaning ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlar o‘rganilib, oilaga biriktirilgan rahbar bilan individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalari ishlab chiqildi.

– Turmush o‘rtog‘im vafotidan keyin oilamizda yetishmovchiliklar yuzaga kela boshladi, – deydi J.Meniqulova. – Dastlab o‘zim harakat qilib ko‘rdim. Kunlik ishlarda ishladim. Bir kun pul topsam, boshqa kuni oilada yetishmovchilik bo‘lardi. Keyin mahalladagi ijtimoiy xodimga murojaat qildim. Sharoitimni tushuntirdim. Birinchi navbatda menga ish topib berdi va doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldim. Homiylar yordamida uy-joyim to‘liq ta’mirlab berildi. Xonadonimga 5 kVli quyosh panellari o‘rnatildi. Bir farzandim bog‘chaga joylashtirildi. Yana biri fan to‘garaklariga jalb etildi. Xullas, yurtimizda inson qadri har narsadan ulug‘ ekanligini his qildim. 

Bugungi kunda yurtimizda inson qadri, ayniqsa, ehtiyojmand toifadagi shaxslarni himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ehtiyojmand aholi qatlamini og‘ir ijtimoiy vaziyatdan olib chiqish choralarining bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi esa ahamiyatlidir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA