Navoiy shahridagi Farovon mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “2026-yil respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi, shaharda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda mutasaddi rahbarlar, soha vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etib, bugungi islohotlarning mazmun-mohiyati va amaldagi natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar mahalla instituti faoliyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Endi mahalla faqat murojaatlar qabul qiladigan idora emas, balki hududda tinchlik va barqarorlikni ta’minlaydigan, muammolarni barvaqt aniqlab, ularni manzilli hal qiladigan muhim bo‘g‘inga aylanmoqda. Yuqorida nomlari tilgan olingan qarorlar esa jamoat xavfsizligini ta’minlashda mutlaqo yangi tizimni joriy etdi.

Yangi tartibga ko‘ra, har bir mahalla “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilib, ijtimoiy-huquqiy vaziyat chuqur tahlil qilinmoqda. Farovon mahallasi hozirda “qizil” toifaga kiritilgan bo‘lib, bu yerda profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, muammoli oilalar va xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan individual ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallada 22 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat holatlari qayd etilmagani islohotlarning ijobiy jihatlaridan biri bo‘lsa-da, probatsiyada turganlar, himoya orderi rasmiylashtirilgan holatlar va notinch oilalar mavjudligi profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Endilikda har bir profilaktika inspektori sektor kesimida aniq hisobdor bo‘ladi, muammoli oilalar ro‘yxati doimiy yangilanadi, yoshlar va ishsizlar bilan ishlash tizimli ravishda tashkil etiladi. Qorong‘i ko‘chalarni yoritish, videokuzatuv kameralari o‘rnatish, xavfli hududlarda patrul xizmatini kuchaytirish kabi amaliy choralar ham bu islohotlarning tarkibiy qismiga aylangan.

Eng muhimi, xavfsiz muhit yaratish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas. Mahalla fuqarolar yig‘ini, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va keng jamoatchilikning hamjihatligi islohotlar samarasini belgilaydi. Tizimli va manzilli yondashuv yo‘lga qo‘yilgan hududlarda huquqbuzarliklar kamayib borayotgani kuzatilmoqda.
Zero, xavfsiz mahalla tinch oila, barqaror jamiyat va ishonchli kelajak demakdir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri