Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida monitoring o‘tkazdi.
Mazkur markaz “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining qarori asosida faoliyat yuritadi.

Markazning asosiy vazifasi uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan nazoratsiz yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj voyaga yetmaganlarni kecha-kunduz qabul qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, takroran huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun individual profilaktik ishlarni amalga oshirishdan iboratdir. Shuningdek, markaz bolani qarovsizlikka olib kelgan sabab va sharoitlarni o‘rganib, bu haqda tegishli idoralarga ma’lumot beradi.

– Monitoring paytida markazda 6 nafar voyaga yetmaganlar saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Xuseynova. – Bolalarning ta’limga qaytishi, ijtimoiy moslashuvi, psixologik qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha amaliy ishlar bilan tanishildi. Shu bilan birga, nazoratsiz qolish xavfi mavjud bo‘lgan bolalar bilan tizimli ishlashni kuchaytirish, markazdan chiqqan voyaga yetmaganlarning keyingi taqdiri ustidan ijtimoiy kuzatuvni ta’minlash, psixologik xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.