Janubiy Koreya Respublikasining markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi – KDHS vakillari Buxoroga keldi.
Xorijlik ishbilarmonlar viloyatdagi ko‘p xonadonli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlarida isitish tizimi loyihalari bilan tanishdi. Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mas’ullari tomonidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro ilg‘or tajribani o‘zlashtirgan holda ko‘p qavatli uylar hamda ijtimoiy tarmoq inshootlarini kuz-qish mavsumida isitishga doir olib borilayotgan innovatsion yondashuv haqida ma’lumot berildi.
Chet ellik mutaxassislar Buxoro “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasining “RK-1” va “RK-2” qozonxonalarida bo‘ldi. Mavjud texnologiya va ish yuritish tarmog‘ini o‘rgandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 apreldagi qaroriga muvofiq “Jahon banki” ishtirokida “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha qozonxonalarda asosiy vositalarni modernizatsiya qilish va yangilash, zamonaviy tejamkor va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, xom ashyo va moliyaviy resurslarni samarali va oqilona ishlatish, issiqlik ta’minoti tashkilotining samaradorligini oshirish va iste’molchilarning issiqlik ta’minoti uchun kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan.
Mazkur loyihaning birinchi bosqichida jumladan, “Buxoroenergomarkaz” AJ tomonidan issiqlik energiyasi bilan ta’minlanayotgan 200 dan ortiq ko‘p xonadonli turar joylar va 32 ta ijtimoiy soha inshootida jami 264 ta individual issiqlik punktini o‘rnatish va ishga tushirish ishlariga joriy yil dastlabki choragidan kirishilgan. Loyihaning ikkinchi bosqichida esa 5,5 kilometr uzunlikdagi magistral quvurni zamonaviy penopoliuretan qoplamali quvurga almashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, uchinchi bosqichda asosiy qozonxonada modernizatsiya ishlarini amalga oshirish, mavjud moddiy–texnik imkoniyatlarni yaxshilash chora–tadbiri ko‘rilmoqda.
Shuningdek, tarmoqqa uzatilgan va iste’mol qilingan issiqlik energiyasini hisobga olishning samarali tizimi joriy etilmoqda. Ko‘p qavatli uylarda umumiy issiqlik energiyasi hisoblagichlari o‘rnatilishi ham aholi uchun ayni maqsadga muvofiqdir. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 13 070 ming metr kub tabiiy gaz, 280 ming kVt soat elektr energiyasi, 1,310 ming metr kub ichimlik suvi tejaladi. Natijada ishlab chikarilgan mahsulot tannarxi 30 foizgacha kamayib, bu jarayonda issiqlik tarmoqlarining “umri” 30 yilgacha uzaytiriladi. Shuningdek, zamonaviy texnologiya tufayli atmosferaga karbonat angidrit va shu kabi boshqa zaharli kimyoviy moddalarning tashlanishi yiliga 2,8 ming tonnaga qisqaradi.
Umuman, shu kabi ko‘p qavatli turar joylarni isitishda katta ahamiyatga ega innovatsion loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari joriy yil birinchi choragida boshlangan bo‘lib, oktyabr oyida yakunlanishi ko‘zda tutilgan. E’tiborli jihati, bu modernizatsiyalashtirish orqali Buxoro shahridagi 11 mingdan ortiq xonadonda istiqomat qilayotgan qariyb 30 ming nafar aholining kelgusi yillar kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishlari, issiqlik energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish uchun qulay imkoniyat yaratiladi.
Ma’lumot uchun, bugungi davrda Janubiy Koreya respublikasi dunyo energiya bozoridan muhim o‘rin egallagan mamlakatlardan biriga aylangan va u O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti korxonalarini modernizatsiya qilish hamda malakaviy potensialini oshirish uchun grantlar jalb qilishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Bu borada koreyaliklar bilan ikki tomonlama o‘zaro manfaatli shartnoma imzolansa, viloyatda ham issiqlik energiyasi iste’molchilariga yanada qulay sharoit yaratiladi.
Zarif Komilov, O‘zA