Samarqand shahrida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tadbirkorlar va yoshlar uchun ochiq muloqot o‘tkazildi.
Dastlab “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi rahbar xodimlari kompaniyada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi yo‘nalishlar, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda ichki reyslar bo‘yicha faqatgina “Samarqand – Toshkent”, “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida haftasiga 3 marta qatnov yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro reyslar esa “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo‘nalishida haftada 2 marta, “Tel-Aviv – Samarqand” yo‘nalishida haftada 1 ta, “Samarqand – Moskva – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha haftada 6 ta, “Samarqand – Sankt-Peterburg – Samarqand” yo‘nalishida haftada 4 ta (3 ta mainline, 1 ta low-cost), “Samarqand – Qozon – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha haftada 1 ta qatnov amalga oshirilmoqda. Yangi mavsumdan qo‘shimcha reys rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
– Joriy yilgi muloqotlarimizni Samarqanddan boshladik, – deydi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova. – Uchrashuv qizg‘in savol-javoblar bilan davom etayotganining o‘zi nima uchun Samarqand tanlanganini bildiradi. Muloqotdan asosiy maqsad ishtirokchilarni tinglash, aviakompaniya faoliyatiga oid fikr-mulohazalarni qabul qilish hamda mavjud muammolar yuzasidan tadbirkorlarning savollariga javob berishdan iborat. Kompaniya ochiq muloqotni rivojlantirish, foydali takliflarni amaliyotga joriy etish va xizmatlar sifatini yanada oshirishni ustuvor vazifalardan biri deb biladi. Shu maqsadda mas’ul xodimlarimiz tadbirkorlar, yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishib, ularning takliflarini tinglab, qiziqtirgan savollariga batafsil javob qaytardi. Jumladan, muloqot davomida Jidda, Antaliyaga, shuningdek, Yevropa mamlakatlariga aviareyslarni tashkil qilish bilan bog‘liq savollar, hisob-kitob masalalaridagi muammolar aytildi. Yoshlarning tizimga ishga kirish borasidagi savollariga ham batafsil javob berildi. Umuman olganda, bugungi muloqot aviakompaniyamizning kelgusi faoliyat samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman. Va bunday muloqotlarni muntazam o‘tkazib boramiz.
[gallery-27603]
Uchrashuv ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli efirda namoyish qilindi va yurtdoshlarimiz onlayn tarzda savollar yo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan ayrim murojaatlarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarilishi ma’lum qilindi. Jumladan, Toshkent davlat transport universitetining aviatsiya injeneri yo‘nalishida tahsil olayotgan Daler Hasanovning murojaatiga yozma javob berilishi ma’lum qilindi.
– Universitetning qo‘shma ta’lim yo‘nalishida tahsil olaman, – deydi Daler Hasanov. – Uch yil Toshkentda o‘qiganimdan so‘ng ikki yil Belarus Respublikasidagi hamkor oliy ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettiraman. Bugungi uchrashuvda mas’ullarga o‘qishni bitirganimdan so‘ng “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasiga ishga qabul qilish imkoniyatlari haqida murojaat qildim. Mas’ullar aynan bizning universitetimiz bitiruvchilarini ishga qabul qilish borasida aniq ma’lumotga ega emasliklarini bildirib, murojaatimga mutaxassislar tomonidan javob qaytarilishini ma’lum qilishdi.
Uchrashuvda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “omadli chipta” tanlovi g‘olibiga aylangan samarqandlik Shukurulla G‘ulomovga “Toshkent-Mosvka-Toshkent” yo‘nalishida ikki kishilik bepul chipta uchun sertifikat topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari