Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tizimda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik
17:42 / 2025-10-20

Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Tashrif doirasida “Xavfsiz shahar” tizimlarini yanada rivojlantirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro tajribani o‘rganish yo‘nalishida muhim muzokaralar olib borildi.

Delegatsiya a’zolari “Huawei” kompaniyasining ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, bulutli hisoblash laboratoriyasi, jamoat xavfsizligi yechimlari paviloni hamda sun’iy intellekt innovatsion markazlarida bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar taqdimoti bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, bu texnologiyalarning amaliy qo‘llanilishi yuzasidan muzokaralar olib borildi. Ayniqsa, raqamlashtirish, zamonaviy ko‘rinishdagi xavfsizlik infratuzilmalarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida sun’iy intellekt asosida yo‘l harakati boshqaruvi, jamoat tartibini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklarni tezkor aniqlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham foydali tajribalar o‘rganildi. “Huawei” kompaniyasi taklif etayotgan ilg‘or yechimlar nafaqat texnologik jihatdan, balki amaliy qo‘llash imkoniyatlari bilan ham yuqori samaradorlikka ega ekani alohida qayd etildi.

Muzokaralar yakunida bir qator hamkorlik rejalari belgilab olindi. Unga ko‘ra, "Huawei" muhandislarini O‘zbekistonga jalb qilish, texnik audit o‘tkazish rejalashtirildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” markazi va IIV Akademiyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolanishi, intellektual videokuzatuv tizimlarini rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda. 

Kelgusida esa Ichki ishlar vazirligini to‘liq raqamli transformatsiya qilish, tarmoq jadvalini ishlab chiqish, sun’iy intellekt kompetensiya markazini yaratish hamda kiberxavfsizlik va raqamli soha bo‘yicha mutaxassislarni muntazam tayyorlash dasturlarini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Shuni ta’kidlash joizki, hamkorlik uchrashuvi mamlakatimizning xavfsiz va aqlli shahar konsepsiyasini shakllantirishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Xitoyning ilg‘or tajribasi hamda “Huawei” kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik nafaqat texnologik rivojlanish, balki jinoyatchilikka qarshi kurash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va fuqarolarning farovonligini ta’minlashda yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

O‘zA