TIV: YeXHT huzuridagi doimiy vakillar delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi
Bugun, 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan elchilar – Vena shahridagi YeXHT huzuridagi a’zo davlatlarning doimiy vakillari delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Bugun, 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan elchilar – Vena shahridagi YeXHT huzuridagi a’zo davlatlarning doimiy vakillari delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonga shu shakldagi ilk bor tashrif bilan kelgan elchilarning nufuzli delegatsiyasini samimiy qutlab, Ilhom Ne’matov mamlakatimizning YeXHT bilan uning faoliyatidagi uch o‘lcham bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilot bilan hamkorligi ijobiy rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, joriy yil may oyida mamlakatimizga YeXHTning amaldagi raisi, Slovakiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak tashrifi alohida qayd etildi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, joriy yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisiga bo‘lib o‘tadigan saylovni kuzatishda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘liq missiyasi ishtirok etishi kutilmoqda.
Muzokaralarda 2017 yilda qabul qilingan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish harakatlar strategiyasiga mos ravishda amalga oshirilayotgan O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi keng ko‘lamli islohotlar va chuqur o‘zgarishlar elchilar tomonidan yuqori baholandi. Mazkur konseptual hujjat O‘zbekistonning demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasidagi qarashi hisoblanishi ta’kidlandi.
YeXHT huzuridagi doimiy vakillar mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga, davlatlararo ishonch darajasining sezilarli oshishiga, an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishiga olib kelgan mamlakatimizning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladilar.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.