Dunyoning 372 nafar eng mahoratli shaxmatchilari ishtirokida onlayn tarzda o‘tkazilgan “Titled Tuesday” turnirida 6 nafar hamyurtimiz dona surdi.
Jahon shaxmatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Magnus Karlsen, Ardjun Erigaysi, Xikaru Nakamura, Mattias Blyubaum, Parxam Magsudlu kabi mahoratlilar qatnashgan 11 turdan iborat turnirda o‘zbekistonlik shaxmatchilardan Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Afruza Hamdamova, Almaz Rahmatullayev va Shahzod Xamzayev o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.

Turnirda norvegiyalik Karlsen 9,5 ochko bilan g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar 9 ochko jamg‘argan armanistonlik Xayk Martirosyan va AQSH vakili Sem Sevianga nasib etdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilardan Shamsiddin Vohidov 8 ochko bilan 14-o‘rindan joy oldi. N.Yoqubboyev va N.Abdusattorov 7,5 ochko to‘plagan holda 23 va 26-pog‘onalardan, A.Hamdamova 7 ochko evaziga 65, A.Rahmatullayev 3 ochkoli bo‘lgan holatda 250-qatordan o‘rin oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA