Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tirik tarix” kino forumi o‘tkazilmoqda
17:57 / 2025-12-15

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi hamkorligida “Tirik tarix” xalqaro kino forumi o‘tkazilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, jami 54 ta tarixiy film, shundan 21 tasi badiiy, 33 tasi badiiy-publitsistik kinoloyihalar ishlab chiqarilishi belgilangan.

Ayni paytda “Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan “Bahodir Yalangto‘sh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli Firog‘iy”, “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” kabi filmlar taqdimot-namoyishlari o‘tkazilib, qator xalqaro kinofestivallarda yuksak e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.  

Xususan, “Maxtumquli Firog‘iy” filmi dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlarida keng namoyishlari o‘tkazilib, qator mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan “Qo‘rqut ota” IV Xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha oliy sovrinni qo‘lga kiritgan.  

Shuningdek, Turkiyada o‘tkazilgan II Turon xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi o‘zbek filmi” sifatida taqdirlangan. Film shuningdek, Qozon xalqaro kinofestivali, London shahrida o‘tkazilgan Yevroosiyo ijodiy gildiyasi kinofestivalida, Barselonada o‘tkazilgan Osiyo filmlari 25-xalqaro kinofestivalida yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan.  

“Bahodir Yalangto‘sh” filmi esa “Oltin Humo – 2024” milliy kinomukofotining eng yaxshi filmi deb topilgan. Bu film orqali tomoshabinlar ko‘nglida buyuk sarkarda, davlat arbobi va madaniyatimiz homiysi Bahodir Yalangto‘sh siymosi mustahkam muhrlandi.

Bugungi kunda “Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan filmlarni yaratish bo‘yicha ishlar yanada jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yangi O‘zbekiston sharoitida adabiyot, tarix va kino sohalarida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning ma’naviy yuksalishi, milliy o‘zligini anglashi, tarixiy xotirasini tiklash va uni dunyo miqyosida namoyon etishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.  

“Tirik tarix” dasturidan o‘rin olgan filmlar xalqaro maydonda ham taniqli bo‘lishi uchun Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tatariston kabi davlatlardan taniqli kinoijodkorlar, kinorejissyor va aktyorlar, olim va kinooperatorlar jalb etilmoqda.  

“Tirik tarix” xalqaro kino forumining o‘tkazilishi tarixiy filmlar ishlab chiqarish borasidagi ishlarni yanada yangi bosqichga ko‘taradi. Forumda Rossiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy, AQSH, Fransiya, Polsha, Vengriya, Shveysariya, Qatar, Tojikiston kabi yigirmaga yaqin davlatdan tashrif buyurgan ellikka yaqin taniqli kinorejissyor, prodyuser, animatsiya, IT va sun’iy intellekt sohalari bo‘yicha tajribali mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.  

Forumning tantanali yakuni sifatida 17 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Oltin Humo – 2025” milliy kino mukofoti sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

“Oltin Humo” – O‘zbekiston kinematografiyasi sohasida yil davomida yaratilgan eng sara filmlar va yetuk kinoijodkorlarni taqdirlashga qaratilgan nufuzli milliy mukofot hisoblanadi.  

Ushbu mukofot milliy kino san’atini yanada rivojlantirish, ijodiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlash, yuqori professional standartlarni qaror toptirish hamda zamonaviy o‘zbek kinosi nufuzini xalqaro maydonda oshirishni maqsad qilgan.

“Oltin Humo – 2025” milliy kino mukofoti g‘oliblari 18 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlanadi. Ushbu marosim yilning eng muhim kino voqealaridan biri sifatida milliy kino ijodkorlarini birlashtiradi hamda “Oltin Humo” mukofotining o‘zbek kinosida bardavom, nufuzli va an’anaviy brend sifatida qaror topishiga xizmat qiladi.

“Oltin Humo” – o‘zbek kino san’atining yuksalishi yo‘lidagi ishonchli qadam, milliy madaniy meros va zamonaviy ijod uyg‘unligining yorqin ifodasidir.

“Tirik tarix” xalqaro forumi doirasida shuningdek, hamkorlikka doir kelishuvlar, xalqaro matbuot anjumanlari, konferensiya, seminar va davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar, film namoyishlari, mahorat darslari, shuningdek, kino sohasida tajriba va malaka almashishga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.  

Ushbu tadbirlar o‘zbek kinematografiyasida yil sarhisobini chiqarish, tarixiy merosni zamonaviy kino vositalari orqali talqin etish, shu bilan birga xalqaro ijodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

N.Usmonova, O‘zA