Poytaxtimizdagi muhtasham Adiblar xiyobonida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK tomonidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan «Tirik sayyora» hujjatli filmi premerasi bo‘ldi.
Kinokartina O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda shoirning hayot yo‘liga, ijodiy merosiga chuqur nazar tashlangan. Adabiyotshunoslar fikri va tanqidchilar xulosalaridan unumli foydalanilgan.
Hujjatli film namoyishidan so‘ng, ma’rifiy- madaniy tadbir tashkil etildi. Adib haykali poyiga gulchambar qo‘yildi, mushoira o‘tkazildi. Shoirning oila a’zolari, shogirdlari, adabiyotshunos olimlar va talaba-yoshlar ishtirokidagi adabiy kechada O‘zMU rahbariyati tomonidan universitetda Erkin Vohidov ijodini abadiylashtirish borasida qilingan ishlar haqida ma’lumot berildi.
«Ipak yo‘li durdonasi» xalqaro festival doirasida namoyishi o‘tkazilgan «Tirik sayyora» hujjatli filmining ssenariysini Xurshid Do‘stmuhammad yozgan. Kartina rejissyori Abduxalil Mingnarov, operator Aziz Arziqulov.
–O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov haqida film ishlash oson kechmadi, – deydi kartina rejissyori Abduxalil Mingnarov. –Ijodiy jamoa bilan shoir tug‘ilib o‘sgan hududda suratga olish ishlari qizg‘in kechgan bo‘lsa, shoirning asosiy faoliyati kechgan poytaxtda, u yashab o‘tgan xonadonda ham tasvirga olish ishlari davom etdi. Men xursand bo‘lganim shoirning farzandlari bizni qo‘llab-quvvatlab turdi. Deyarli hech qanday ma’lumotni izlab topishga qiynalmadik. Shu o‘rinda ulug‘ shoir hayotiga doir har bir hujjatni ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan farzandlariga minnatdorchiligimni bildiraman.
Eslatib o‘tamiz, hujjatli filmlar taqdimoti 29 sentyabrga qadar davom etadi.