Jizzax viloyatida avtomobil harakatida kuzatilayotgan tirbandlik va xavfsizlik muammolarini bartaraf etish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilib, hududdagi yo‘llar holati kompleks o‘rganib chiqildi.
Ushbu guruh tarkibiga Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda viloyat hokimligi mutaxassislari jalb etildi.
Ishchi guruh faoliyati Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda umumiy uzunligi 10,5 ming kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llari mavjud. Ular orasida xalqaro ahamiyatga ega yo‘llar 168 kilometrni, davlat ahamiyatidagi yo‘llar 1400 kilometrdan ortiq masofani tashkil etadi. Shuningdek, mahalliy va ichki yo‘llar tarmog‘i ham keng hududni qamrab olgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, Jizzaxni kesib o‘tuvchi M–39 “Toshkent – Termiz” yo‘lining 98 kilometrlik qismida kunlik transport oqimi 55–60 ming avtomashinaga yetib, vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Ikkinchi darajali yo‘llarning aynan bir nuqtada tutashishi esa harakatni sekinlashtirib, uzoq tirbandliklar va yo‘l transport hodisalari (YTH) xavfini oshirib kelmoqda.
O‘rganishlar davomida fuqarolar e’tirozlariga sabab bo‘layotgan, harakat xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan 11 ta muammoli yo‘l uchastkasi aniqlandi. Mutasaddilar tomonidan bu joylarda yo‘l geometriyasini yaxshilash, transport oqimini qayta taqsimlash, piyodalar harakatini tartibga solish hamda boshqa muhandislik yechimlarini joriy etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Yakuniy takliflar viloyatda avtomobil harakatini yanada xavfsiz, barqaror va tezkor tashkil etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
A. Qayumov, O‘zA