English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tirbandliklarni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda
20:17 / 2024-10-16

Aholiga qulaylik yaratish, ularning uzog‘ini yaqin qilish va jamoat transporti xizmatini yaxshilash maqsadida Namangan shahrida Xitoyda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi tashishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy avtobuslar harakatlana boshladi. Bu o‘z navbatida, viloyat markazida mavjud tirbandliklarning oldini olishni taqozo etadi.

Shahar hokimligida Respublika ishchi guruhi vakillari, Namangan shahri hokimi va sektor rahbarlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yo‘llarda tirbandliklarga barham berish va yo‘l-transport hodisalarini bartaraf qilishga qaratilgan bir qator loyihalar muhokama qilindi.  

Jumladan, yangi yer osti va usti yo‘laklari tashkil etish, yangi yo‘llar qurish hamda mavjud yo‘llarning yo‘nalishlarini o‘zgartirish kabi takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, shaharda aqlli svetoforlar o‘rnatish orqali yo‘l harakatini yaxshilash masalalari xususida so‘z bordi.

Muhokamada Namangan muhandislik-qurilish instituti mutaxassis-olimlari tomonidan yaratilayotgan shahar jamoat transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi model hamda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarning natijadorligi o‘rganildi.  

Xususan, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan Namangan shahridagi “Chorsu” dehqon bozori ro‘parasida – Uychi ko‘chasida joylashgan Zirabuloq bosh bekatini tashkil etish va bozor tarafga smart avtobus bekati tashkil etish loyihasi ma’qullandi.  

Qayd etilganidek, viloyat markazidagi yo‘llar va jamoat transporti tizimini takomillashtirishga qaratilgan bu kabi loyihalar alohida ahamiyatga ega. Binobarin, yo‘l infratuzilmasi va harakat xavfsizligini yaxshilash orqali tirbandliklarni keskin kamaytirish va shaharda turli ko‘ngilsiz holatlarni bartaraf qilinishiga erishish mumkin.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.