Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, poytaxtimizning markazida tirbandliklarga sabab bo‘layotgan Nukus va Bobur ko‘chalaridagi ta’mirlash ishlari 2−3 noyabr kunlari tugatiladi. Qayd etilishicha, ishlar doirasida asfalt qoplamasini yangi texnologiyalar asosida yangilash, yangi yo‘l usti belgilarini chizish, hududga qo‘shimcha daraxt va butalar ekilishi ko‘zda tutilgan.
Xabarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yo‘l ta’mirlash ishlari aholi noroziligiga, tirbandliklarga sabab bo‘lgani aytilgan. Shu bilan birga, yog‘ingarchiliklar sababli hamda kunduzgi tirbandliklarni biroz kamaytirish maqsadida ishlar asosan tungi soatlarda amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, haftaning boshida poytaxtdagi markaziy ko‘chalarda katta tirbandliklar hosil bo‘lgan edi. Kunning tig‘iz vaqtida “Yandeks xarita” tirbandlikning maksimal darajasini ko‘rsatdi.
Xususan, Alisher Navoiy, Labzak, Sag‘bon, Saqichmon, Mehrjon, Kichik halqa yo‘li, 8-mart, Shota Rustaveli, Bobur, Oybek, Arnasoy, Istiqbol, Muqimiy-Nukus hamda Nurafshon aylanma ko‘chalari orqali harakatlanuvchi 70 dan ortiq avtobus yo‘nalishlarida kunning tig‘iz paytida qatnov vaqti hamda oraliq interval vaqtlariga rioya etish imkoni bo‘lmagan.
Sh.Mamaturopova tayyorladi.
O‘zA