13-fevral – Butunjahon radio kuni FOTOREPORTAJ
Bugungi shiddatli texnologiyalar asrida radio hamon o‘z ahamiyatini saqlab kelayotgan muhim axborot manbalaridan biridir. U yangiliklarni tezkor yetkazish, foydali ma’lumot berish va musiqa orqali kayfiyat ulashish bilan jamiyatni yagona axborot makonida birlashtiradi. Radio — sodda, ammo ta’sirchan aloqa vositasi.
Ommaviy va barcha uchun ochiq axborot manbai sifatida radio turli yosh va ijtimoiy qatlam vakillarini axborot maydonida birlashtiradi. Shu bois u demokratik axborot platformasi sifatida e’tirof etiladi.
1946-yil 13-fevral kuni BMT radiosi tashkil etilgan. Shu munosabat bilan UNESCO Bosh konferensiyasi 2011-yilda 13-fevral sanasini Butunjahon radio kuni, deb e’lon qildi.
Surxondaryo viloyatida radio eshittirishlar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Termiz shahrida radio uzatishlar 1940-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Ilk davrda simli radio faqat shahar aholisiga xizmat qilgan bo‘lsa, 1954-yildan boshlab efirlar Boysun tumanining tog‘li hududlaridan tashqari butun viloyatni qamrab oldi.
1960–1970-yillarda viloyat radiosi kuniga taxminan bir soat efirga chiqar, dasturlarning asosiy qismi mahalliy matbuot sharhi va qishloq xo‘jaligi mavzulariga bag‘ishlanar edi. Kechki efirlarda esa o‘zbek va rus tillarida yangiliklar, ijtimoiy-iqtisodiy tahlillar, madaniy-dam olish ko‘rsatuvlari uzatilardi.
[gallery-27635]
1986-yilda radio jamoasi uchun alohida bino ajratildi. 1988-yildan boshlab efir qamrovi kengayib, tojik tilidagi dasturlar ham yo‘lga qo‘yildi.
— “Surxondaryo” radiokanali uzoq va mazmunli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan, - deydi radiokanal bosh muharriri Ilhom Rahmatov. — 2003-yildan boshlab radio FM to‘lqinlarida efirga chiqdi va dasturlar hajmi 16 soatgacha yetkazildi. Bugun FM 102,1 va 101,0 to‘lqinlari orqali jonli, ma’rifiy, madaniy va ko‘ngilochar dasturlar, har soat axborot chiqishlari tinglovchilarga taqdim etilmoqda.
Raqamli texnologiyalar rivojlangan bugungi davrda ham radio o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Ayniqsa, internet imkoniyatlari cheklangan hududlarda u ishonchli va uzluksiz axborot manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA fotomuxbiri