Tinchlik, ahillik bor yerda qut-baraka bo‘ladi. Insonlar hayotdan mamnun, turmushning kamchilik va sinovlari oldida sabr-bardosh bilan umr kechiradilar. Hech kim taqdirdan nolimaydi, chunki atrofda uni tushungan, xayrixoh insonlar ko‘p. Ahillik, totuvlik ana shunday buyuk ne’mat.
Xalqimiz azaldan bu buyuk ne’matni qadrlab, ko‘z qorachig‘idek asragan. Duolarimizda ham eng ko‘p “yurtimizda tinchlik va totuvlikni bardavom qilgin” degan niyatlar so‘raladi.
Bir kun janjal bo‘lgan yerdan qirq kun baraka ketadi, degan maqolni bilmagan eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. Esimizni tanibmizki, shu maqol oilalarda totuvlikni asrashning asosiy shiori bo‘lib kelgan. O‘zimiiz astoydil ishongan ushbu maqolning hayotdagi isbotiga ham ko‘p guvoh bo‘ldik.

Jamiyat ham ulkan bir oila, uning har bir a’zosi esa ana shu oilaning bir farzandidek gap. Mamlakatdagi osoyishta turmush, baraka va rivoj ham ana shu yakdil oiladek bo‘lgan jamiyat a’zolarining totuvligiga bog‘liq.
Bugun yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik asrlar davomida shakllangan madaniyat va qadriyatlar samarasidir.
O‘lkamiz qadimdan turli madaniyat, sivilizatsiya va dinlar tutashgan chorraha bo‘lib, buddaviylik, nasroniylik, islom va boshqa dinlar vakillari bir-birlari bilan totuv yashagan. Shu boisdan ham bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stlik g‘oyalari xalqimizning tafakkuriga chuqur singib ketgan.
Zardushtiylikka oid noyob topilmalar esa bu zaminda din tarixi, madaniyat va ilm-fan taraqqiyoti uzoq o‘tmishga borib taqalishidan darak beradi. Shu uchun ham bu zaminda hamisha ma’rifat jaholatdan ustun bo‘lgan.
Shuni ham alohida iftixor bilan aytish mumkinki, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolarimiz islom ma’rifati, madaniyati va fiqh ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.
Bugun O‘zbekiston islom mohiyatini zamonaviy talqinda targ‘ib etish, uning asl mohiyatidan kelib chiqib, mamlakat va xalqaro maydonda diniy bag‘roikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida chinakam ibrat namunasi bo‘lmoqda.
Yurtimizdagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhiti barqarorligi bois 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-ahil yashab kelmoqda.
Bag‘rikenglik siyosatining islohotlarda ustuvor mazmun kasb etayotgani eng avvalo qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida aks etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun bu sohada mustahkam huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Davlatimiz rahbari tomonidan millatlararo totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘zida mujassam etgan qator farmon va qarorlar qabul qilingan.
2025 yilda ham bu yo‘nalishda o‘ta muhim qadamlar tashlandi, qonunchilik yanada takomillashtirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 25 fevraldagi O‘RQ-1037-son Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiya yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yanada barqaror etishda muhim rol o‘ynamoqda.
Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgan.
Konsepsiyada vijdon erkinligi, dunyoviylik, dunyoviy davlat, dunyoviy qadriyatlar, umumjamiyat manfaatlari tushunchalariga aniq ta’rif berilgan.
Xususan, dunyoviy qadriyatlar tushunchasi – vijdon erkinligiga, qonun ustuvorligiga, mafkura va fikrlar xilma-xilligiga, dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka asoslangan jamiyatdagi umuminsoniy prinsiplar, normalar va qarashlar majmui, deya ta’riflangan.
Konsepsiyaning muhim ahamiyat kasb etuvchi jihatlaridan biri – dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar ham muhim o‘rin tutishiga alohida urg‘u berilgan. Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishiga hamda ularning avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik, dinlarning asl insonparvarlik mohiyati xalqni birlashtiruvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbai ekani e’tirof topgan.
Dunyoviy davlat diniy qadriyatlar va e’tiqodlarning hurmat va himoya qilinishi, izchil rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy muhit yaratib, vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqning to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlashi ta’kidlangan.
Diniy qadriyatlarga yuksak hurmat ruhida ishlab chiqilgan qonun hujjatlari bugun chin ma’noda mamlakatimizdagi birdamlik, ahillik va xalqimizning yakdil oila sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Bugun O‘zbekistonda 2 373 ta diniy tashkilot bo‘lib, shundan 2 174 tasi islomiy va 199 tasi noislomiy hisoblanadi.
Yaratilgan mustahkam huquqiy poydevor bois, so‘nggi sakkiz yilda respublika bo‘yicha jami 134 ta diniy tashkilot, shu jumladan 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 105 ta masjid hamda 25 ta turli konfessiyaga taalluqli noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Jamiyat a’zolarida o‘zaro birdamlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida bag‘rikenglik fazilatini keng targ‘ib etishga alohida urg‘u berilmoqda.
Xususan, 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yil mamlakatimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazildi. Tinchlik va hamjihatlik barqarorligi uchun xizmat qilayotganlarga ehtirom ko‘rsatildi.
O‘zbekiston diniy bag‘rikenglik siyosati samaradorligi borasida chinakam ibrat namunasiga aylanmoqda.
Buning boisi Prezident Shavkat Mirziyoyev nufuzli xalqaro tadbirlardagi chiqishlarida bag‘rikenglik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash masalasiga alohida urg‘u bermoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbari yaqindagina ko‘hna Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasidagi nutqida tinchlik va bag‘rikenglik — Islomning haqiqiy mohiyati ekanini alohida urg‘uladi.
Davlatimiz rahbari dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhimligini ta’kidladi.
Turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasidagi keskinlik va nizolar, islomofobiya kabi salbiy holatlar jahon tinchligi va barqarorligi uchun jiddiy tahdid solayotgan bugungi kunda Islomning haqiqiy mohiyati, uning tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-fan va sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berish orqali, ko‘p hollarda noto‘g‘ri tushuniladigan yoki buzib ko‘rsatiladigan salbiy qarashlarni (islomofobiya) yengish mumkinligini ta’kidladi.
Islom madaniyati va ma’rifati boyligi, umuminsoniy qadriyatlarga mosligini ko‘rsatish orqali turli madaniyat va din vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va tushunishni oshirish tashabbusini ilgari surdi.
Prezidentimiz Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkinligini e’tirof etar ekan, bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar — Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqirdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ushbu fikrlar dunyo ahli uchun Islom dini haqida xolis xulosa qilishga jiddiy chorlov hamda Islom madaniyati va ilmi izlanuvchilari uchun muhim chaqiriq bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro forumdagi nutqida ham Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish – fundamental qadriyatlardan ekanini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston bag‘rikeng o‘lka ekani davlatimiz madhiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Unda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar yaxlit bir xalqni – O‘zbekiston xalqini ifoda etadi. Uning birdamligi, ahil va totuvligi har birimizning bag‘rikenglik mas’uliyatimizga bog‘liq.
Biz tinch va osoyishta hayot kechirishni, avlodlar uchun obod Vatan, farovon kelajak yaratishni istar ekanmiz, tinchligimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz zarur. Bunga esa diniy bag‘rikengligimiz, umummillik totuvligimiz orqaligina erisha olamiz.
Bag‘rikenglik va totuvlik qadri ustuvor qadriyatlarmiz barhayot bo‘lsin!
Abdumutallib O‘KTAMOV,
jurnalist.