Rossiya-Ukraina
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi yaqin orada Rossiyaga borib, Zaporoje AES xavfsizligini ta’minlash muammolari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni rejalamoqda. Bu haqda uning o‘zi Tashkilotning saytida ma’lum qilgan.
Ukrainalik 65 harbiy havo hujumiga qarshi “Patriot” tizimidan foydalanish bo‘yicha AQSHdagi o‘quv kurslarini tugatdi. Bu haqda Pentagonning matbuot kotibi Patrik Rayder xabar berdi.
Uning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar yetti mingdan oshiq va Amerikaning 26 mamlakat-ittifoqchilari o‘n bir mingdan ziyod ukrainalik harbiylarni o‘qitib berdi. Harbiylar qirqdan ziyod dasturlar bo‘yicha “yigirmadan ortiq tizimlarda ishlash”ni o‘rgandilar.
AQSH hokimiyati va uning yevropalik ittifoqdoshlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Moskvadagi vakolatxonasini Ukraina hududidan go‘yoki majburlab bolalarni Rossiyaga olib chiqib ketilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganish uchun ekspertlar guruhi tuzish ishiga jalb qilmoqchi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbarining o‘rinbosari Vedant Patel ma’lum qildi.
“Mazkur missiya zimmasiga, shuningdek, bu mavzuda har qanday ma’lumotni to‘plash, uni tahlil qilish hamda zarur hollarda ularni milliy, mintaqaviy va xalqaro sudlar yoki tribunallarga berish vazifasi yuklanadi”, deyiladi hujjatda.
YeIning iqtisodiy farovonligi va milliy xavfsizligi Xitoy bilan munosabatlarga bog‘liq bo‘ladi, deb bayonot berdi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Xitoy – sulolalarning yuksalishi va qulashi orqali ilk sivilizatsiyadan boshlangan noyob tarixga ega mamlakat. 50 yildan kamroq vaqt ichida Xitoy keng tarqalgan qashshoqlik va iqtisodiy izolyatsiyadan dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga va ko‘plab ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha yetakchi mamlakatga aylandi”.
Ukraina atrofidagi ziddiyatning tinchlik rejasi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan aniq va adolatli bo‘lishi kerak. Bu haqda Vengriya Prezidenti Katalin Novak bayonot berdi.
“Mojaroni uzil-kesil hal etish uchun besh tamoyil taklif qilaman: tinchlikka erishishga intilish; inqirozni keskinlashtirmaslik; ziddiyatni avj oldirmaslik, balki uni yumshatish; urushayotgan tomonlar va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarni muzokaralar o‘tkazishga chorlash: aniq va adolatli reja”.
Yevroparlamentning irlandiyalik deputati Mik Uollesning aytishicha, YeI Rossiyaga qarshi turmasdan, tinchlikni istaydigan ko‘plab o‘z fuqarolarining bayonotlarini eshitmaslikka olmoqda.
Avvalroq Uolles Ukrainadagi vaziyat tufayli bir necha marta Shimoliy Atlantika alyansi harakatlarini tanqid qilgan edi.
“NATO tinchlik va xavfsizlikka intilmayapti”, deb bayonot bergandi.
33 foiz amerikaliklar Qo‘shma Shtatlar Ukrainani haddan ziyod qo‘llayapti, deb hisoblaydi. Bu ma’lumotlar Kuinnipek universitetining Tadqiqotlar xizmati tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalaridan kelib chiqqan.
So‘rovda qatnashganlarning 24 foizi AQSH Kiyevni zarur darajada qo‘llamayapti, degan. 36 respondent esa yordamlarning bu holati yetarli, deb biladi.
Yarimdan oshiq (52 foiz) respondentlar Prezident Jo Baydenning Ukraina inqirozidagi siyosatidan norozi ekanini ma’lum qilgan. So‘rovda ishtirok etganlarning 40 foizi Oq uy sa’y-harakatlarini qo‘llagan.
Tadqiqot 23-27 mart kunlari 1788 amerikalik fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan.
Abror XON, O‘zA