Bugun tinchlik, osoyishtalik, xavfsizlik va barqarorlik eng oliy qadriyat ekani tobora yaqqolroq ayon bo‘lib bormoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini mahallalarda keng targ‘ib qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda bu jihatlar alohida e’tirof etildi.

Zamonaviy formatda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uchta masala muhokama qilindi. Bular - Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalari asosida barcha mahallalarda “yettilik” tomonidan bajariladigan ishlar, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash hamda targ‘ibot ishlarini tashkil etishdek o‘ta muhim masalalar.

Shu bilan birga, mahallalarda tinchlik, barqarorlik va shukronalik tuyg‘usini kuchaytirishga oid targ‘ibot va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, mahallalarda yoshlar bilan ishlash, ularda Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ko‘nikmalarini oshirish kabi masalalarga ustuvor ahamiyat qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – G‘ofurjon Mirzayev boshchiligida tashkil etilgan ushbu videoselektor yig‘ilishi ishchan, amaliy ruhi va olib borilayotgan ishlar samaradorligini mukammal tahlil etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Vazirlar Mahkamasi departament rahbari Fayzulla Qosimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, mas’ul vazirlik va idoralar mutasaddilari, hududlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tuman-shahar hokimlari, 8 ming 992 ta mahalla raislari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini mahallalarda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mahallalarda tinchlik, barqarorlik va shukronalik tuyg‘usini kuchaytirishga doir targ‘ibot tadbirlarini tizimli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Ma’lumot berilganidek, ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida targ‘ibotchilar guruhlari shakllantirilib, tarqatma materiallar bilan ta’minladi.
Joylarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar reja asosida, tizimli tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, mahallalarda yoshlar bilan ishlash, ularda Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ko‘nikmalarini oshirish borasidagi ishlarni kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Faoliyatida namuna bo‘layotgan, fidoyi “mahalla yettiligi” xodimlarining lavozimini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida tizimda olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda, faoliyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
N.Usmonova, O‘zA