Jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarda tinch va osoyishta muhitni yaratish borasida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov Buxoro viloyatida manzilli o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
O‘rganish doirasida viloyat hokimligida viloyat hokimi Botir Zaripov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shahar hokimligi va hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda jinoyatchilik holati, profilaktika ishlarining samaradorligi hamda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan Sadriddin Ayniy mahallasida o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Tahlillar mahalliy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani, nazorat mexanizmlarining zaifligi va profilaktika ishlarining tizimli yo‘lga qo‘yilmagani jinoyatchilikka asosiy omil bo‘layotganini ko‘rsatdi.
Muhokamalarda mahallani raqamlashtirish, ko‘p qavatli uylar atrofini tungi yoritish bilan ta’minlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu borada mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilandi.

Manzilli o‘rganishlar davomida Buxoro markaziy dehqon bozori ham ko‘zdan kechirildi. Aholi va savdogarlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, bozorlarda to‘lovlar va xizmatlar bo‘yicha ochiq va shaffof tizimni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, aholi zichligi va transport harakati yuqori bo‘lgan Buxoro shahrida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri