Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta tiklangan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali kecha bo‘lib o‘tdi.
Garchi festivalning turli tadbirlari ancha ilgari boshlangan bo‘lsa-da, ushbu anjuman yurtimiz kinematografiyasining o‘tmishi, buguniga teran nazar solish, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasida qanday ishlarga qo‘l urilayotgani xususida kengroq xabardor bo‘lishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
An’anaga ko‘ra tantanali tadbir xalqaro festival ishtirokchilarining qizil yo‘lakchalardan o‘tishi, jahon va yurtimiz kino yulduzlari ishtirokidagi fotosessiyalar kabi qiziqarli jarayonlar bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Ipak yo‘li chorrahasida" XIV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov o‘qib eshittirdi.
bugungi keskin globallashuv davrda inson ongi va qalbiga ezgu g‘oyalarni singdirishda, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlikni, ijtimoiy barqarorlikni tobora mustahkamlashda san’atning, ayniqsa, kinematografiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Shu ma’noda Toshkent xalqaro kinofestivali “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat uchun!” degan ezgu shiorni o‘zida mujassam etgani bejiz emas. Umid qilamizki, mazkur festival ham turli xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi tinchlik, taraqqiyot, do‘stlik va hamkorlik uchun mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qilaveradi.
Aytish joizki, joriy yilda “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent kinofestivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Poytaxtimizdagi Kinochilar uyi negizida kinoklaster tashkil etilib, ushbu klaster 1500 nafardan ortiq yosh kinoijodkorlar, shu sohada ta’lim olayotgan yigit-qizlarni birlashtirdi. Bu yerda turli taqdimotlar, mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi.
Bu yilgi Toshkent xalqaro kinofestivalida jahonning 30 dan ortiq davlatidan ijodkorlar ishtirok etmoqda. “Ipak yo‘li durdonasi” ijodiy loyihasining 100 dan ortiq qiziqarli va rang-barang tadbirlari nainki Toshkent shahrida, balki mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.
Festival davomida yurtimiz va jahon kino san’ati ustalarining 150 dan ortiq filmlari namoyish etilmoqda. Festival doirasida O‘zbekiston va jahon kinochilari o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlar, memorandumlar imzolanmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarining kino kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Yangi filmlarnirng premeralari, kinoyulduzlar bilan uchrashuvlar muxlislarga g‘oyat manzur bo‘lmoqda.
– Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda kino ijodkorlarining mas’uliyati har qachongidan ham kuchlidir, – dedi Hindistonning Kinematografiyani rivojlantirish milliy korporatsiyasi boshqaruvi rahbari Ravinder Bxakar. – Shu ma’noda “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali kinoijodkorlarning o‘z mas’uliyatli vazifalarini teran anglashga yaqindan yordam bermoqda.
– Toshkent xalqaro kinofestivali mehr, samimiyat, ijodiy muloqot, do‘stlik ramzi sanalgan, – dedi Belarus kinematografiya uyushmasi raisi Viktor Vasilev. – Aksariyat kinoijodkorlar hamisha mazkur festivalda ishtirok etishni orzu qilishgan. Uning qayta tiklanib, ikkinchi bor bayramona ruhda o‘tkazilayotgani, o‘z ishini muvaffaqiyatli olib borayotgani mamlakatingizda kinematografiyaga katta e’tibor qaratilayotganini anglatadi.
Tantanali kechada jahon kinematografiyasiga katta hissa qo‘shgan bir guruh kino ustalari maxsus mukofot – statuetkalar bilan taqdirlandi.
Tadbirda milliy va jahon kinosidan yorqin lavhalar namoyish etildi. Yurtimiz va turli xorijiy mamlakatlarning san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri