French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik, taraqqiyot va xalqaro hamkorlikka mas’uliyat bilan intilish ifodasi
12:03 / 2025-09-25

Munosabat

BMT Bosh Assambleyasi sessiyalari doimo insoniyat oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama etish, ularga yechim qidirish masalalariga bag‘ishlanadi. Bu borada davlatlarning qarashlari o‘rtaga tashlanadi, mintaqalar va xalqlar manfaatidan kelib chiqib xulosalar belgilanadi.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi juda muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Unda o‘tkir va dolzarb xalqaro tashabbuslar ilgari surildi. Bu esa O‘zbekistonning BMT doirasidagi muhim global tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganini dunyo jamoatchiligiga yana bir bor namoyon etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor PAK bu haqda o‘z mulohazalarini bildirdi.

— Prezidentimiz nutqida Markaziy Osiyoda iqlim tahdidlari, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, BMT bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohada hamkorlik qilish, erishilgan yutuqlar va 2030 yilgacha bo‘lgan rejalarga urg‘u berildi.

Bu kabi dolzarb masalalarni global kun tartibiga olib chiqish orqali mamlakatimiz mas’uliyatli va aniq natijalarga yo‘naltirilgan xalqaro hamkorlik yo‘lida qat’iyligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

2016-2025 yillarda O‘zbekistonning BMT doirasida faolligi va tashabbuskorligi yanada ortganini amaliy sa’y-harakatlarda ko‘rishimiz mumkin. Tashkilot biz uchun faqatgina bayonotlar  minbari emas, balki islohotlarda haqiqiy hamkorga aylandi.  

Prezident tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyutsiyalari, shu jumladan, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” (2018), Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, Orolbo‘yini innovatsiya hududi, deb e’lon qilish (2021), Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar ishtirokining ahamiyatini e’tirof etish bilan bog‘liq rezolyutsiyalari qabul qilindi. Bu hujjatlar ta’lim, bag‘rikenglik, mintaqaviy integratsiya va ekologik inqirozga qarshi kurash kabi masalalarni qamrab oldi. Har bir hujjatda Toshkentning tinchlik, taraqqiyot va mas’uliyatli xalqaro hamkorlikka bo‘lgan intilishi aks etgan.

Darhaqiqat, Prezidentimizning BMTdagi nutqlari doimo izchil va strategik yondashuvlarga asoslangani alohida e’tirofga molik. Avvalgi chiqishlarda ilgari surilgan tashabbuslar va mamlakatning hozirgi siyosatidan kelib chiqqan holda, 80-sessiyadagi nutqda ham Orolbo‘yi hududida yangi loyihalar, yashil texnologiya va qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha sheriklik, ta’lim, yoshlar tashabbuslari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kengaytirish, xalqaro kompaniyalarga O‘zbekistonning barqaror va ochiq mamlakat ekani haqida signal, Afg‘oniston va suv resurslaridan foydalanish masalalarida vositachi sifatida mamlakatimiz rolini mustahkamlash kabi masalalarga e’tibor qaratildi. Bu mamlakatimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish barobarida fuqarolar hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatib, yangi ish o‘rinlari, ta’lim imkoniyatlari, toza atrof-muhit va xavfsiz kelajakka xizmat qiladi.

Ilgari surilgan tashabbuslarni birma bir tahlil etsak, ularning markazida inson va uning huquqlari turganligini ko‘rishimiz mumkin. Albatta, bu mamlakatimizda so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar ro‘yobga chiqarilayotganidan dalolat beradi. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq mamlakatimiz parlamentida ham inson huquqlariga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha muayyan tajriba shakllanganini ham qayd etish joiz. O‘tgan davr mobaynida deputatlarimiz tomonidan mazkur yo‘nalishda ko‘plab qonunlar qabul qilinishga erishildi.

Davlatimiz rahbarining BMT minbaridan turib, O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat borasida bildirgan tashabbuslarining aksariyati hayotga tatbiq etilgani nutqda birma bir asoslantirilgani, hamjamiyat vakillarining ushbu ma’ruzaga e’tiborini yana oshirdi.

O‘z navbatida, BMT mamlakatimizning mintaqaviy xavfsizlikka qo‘shgan hissasini doim e’tirof etadi. Zero, Prezidentimizning chiqishi orqali O‘zbekiston nafaqat muammolarni tilga oladi, balki ularga aniq yechim taklif etadi. Misol uchun, O‘zbekiston uchun Afg‘oniston nafaqat qo‘shni, balki mintaqaviy barqarorlikning asosiy omillaridan biri. Mamlakatimiz ko‘p yillardan beri Afg‘onistonni izolyatsiya qilish emas, balki qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlab kelmoqda. Bu borada BMT asosiy muloqot maydoni bo‘lib qolmoqda. Mamlakatimiz bu jarayonda vositachi va tashabbuskor sifatida ishtirok etmoqda, muloqotlar tashkillashtirmoqda, infratuzilmaviy loyihalar taklif qilmoqda, gumanitar hamkorlikni rivojlantirmoqda. Bu esa xalqaro maydonda yuksak e’tirofga sazovor bo‘layotir.

Prezidentimizning nutqida siyosat, iqtisodiyot sohalari qatori milliy madaniy modelimiz ham o‘z aksini topdi. Zero, O‘zbekiston – turli millat vakillari tinchlik va totuvlikda yashaydigan yurt. Bugun dunyoda ko‘plab hududlar nizo va toqatsizlikdan aziyat chekayotgan bir vaqtda, biz o‘z tajribamizni namoyon etmoqdamiz. Bu orqali mamlakatimizda yangi hamkorlar, investitsiyalar, ilmiy va ta’limiy dasturlariga yo‘l ochilmoqda.  

Nigora Rahmonova yozib oldi, O‘zA