Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat tarannumi
19:42 / 2023-10-09

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 29 sentyabr - 2 oktyabr kunlari poytaxtimizda “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi.

“Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu nufuzli xalqaro tadbir dunyoning 50 dan ziyod davlatidan 300 dan ortiq kinoijodkorlarni yagona maqsadga birlashtirdi.

Kinofestival dasturi doirasida “O‘zbek dublyaji san’ati 85 yoshda”, Turkiy tilli davlatlarning “Qardoshlik san’ati” forumi, Milliy filmlar tanlovi, “Kino 5 kunda”, mahorat darslari, 8-Yevropa kinofestivali kabi tadbirlar tashkil etildi.  

Poytaxtimizdagi “Renessans kino uyi”da tashkil etilgan matbuot anjumani mazkur kinofestival sarhisobiga bag‘ishlandi. Unda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchanov, “O‘zbekfilm” kinokonserni direktori Bahodir Odilov va boshqalar so‘zga chiqib, kinofestival doirasida olib borilgan ishlar va kelgusi rejalarga asosiy ahamiyat qaratdi.

[gallery-13888]

– Ta’kidlash kerakki, 1958 yildan boshlangan Toshkent xalqaro kinofestivali davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021 yilda qayta tiklandi. Birinchi kinofestivalda Osiyo va Afrika davlatlari ishtirok etgan, keyinchalik ular qatoriga Lotin Amerikasi kinoijodkorlari ham qo‘shilgan. Bugun esa yangi formatda qayta tiklangan kinofestivalga “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida dunyoning 51 davlatidan soha vakillari ishtirok etdi. Aytish kerakki, Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi bilan Kinochilar uyi ta’mirlandi va “O‘zbekfilm” konserni rekonstruksiyadan so‘ng yangicha qiyofa kasb etdi. Qisqa vaqt ichida “Renessans kino uyi” qad rostlagani va kino fondi qayta tiklanganini ham qayd etish lozim, – dedi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov.  

Agentlik direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev Turkiy tilli davlatlarning “Qardoshlik san’ati” forumi, Xorazm viloyatida o‘zbek kinosi darg‘asi Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatr ochilish marosimi o‘ziga xos tarzda o‘tgani haqida to‘xtalib o‘tdi.  

– Ahamiyatlisi, birinchi bor tashkil etilgan forum Turkiy tilli davlatlar kino namoyondalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va kelgusi rejalar bilan fikr almashishda muhim axamiyat kasb etadi. Unda Turksoy xalqaro tashkilotiga a’zo mamlakatlarning eng yaxshi kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Shuningdek, Xorazm viloyatida o‘zbek kinosi darg‘asi Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrning ochilishi ham ishtirokchilarda katta tassurot uyg‘otdi. Mazkur kino dargohining Xudoybergan Devonov nomi bilan atalishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Negaki, X.Devonov kino san’ati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor. U o‘zbek kinosi va fotografiyasi asoschisi bo‘lgan. Uning ushbu yo‘nalishdagi mehnati va boy madaniy merosi bugungi avlod uchun katta maktab. Tantanali marosim doirasida vafotidan so‘ng ham Xudoybergan Devonovning “Turksoy” oliy mukofoti bilan taqdirlangani  yanada quvonarlidir, – dedi Sh.Rizayev.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA