Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik rejasi: asosiy kelishuv va bahsli nuqtalar (+video)
18:15 / 2025-12-25

Ukraina va AQSH Rossiya bilan urushni tugatishga qaratilgan 20 banddan iborat tinchlik rejasining aksariyat masalalari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Biroq Donbass hududlari ustidan nazorat va Zaporoje atom elektr stansiyasini boshqarish masalalari hanuz bahsli bo‘lib qolmoqda, deb xabar berdi Yevronyus.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina va AQSH urushni tugatishga qaratilgan bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy fikrga kelgan. Kiyev Vashington bilan doimiy muloqotda ekanini ta’kidlar ekan, Zelenskiy AQSH tomoni muzokaralarni yakuniy va amaliy natijaga yetkazishga intilayotganini qayd etdi. Prezidentning ta’kidlashicha, Ukraina hech qachon tinchlikka to‘siq bo‘lmagan va bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ushbu diplomatik jarayonga to‘liq mas’uliyat bilan yondashishi lozim. Aks holda, xalqaro hamjamiyat Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha bosim choralarini qo‘llashi mumkin.  

Muzokaralardagi eng murakkab masala, Donetsk va Lugansk viloyatlarining sharqiy hududlari, ya’ni Donbass taqdiri bo‘lib qolmoqda. Zelenskiy bu masalani tinchlik muzokaralaridagi “eng og‘ir nuqta” deb atadi.

Rossiya Ukrainadan Donbass hududlaridan to‘liq chiqib ketishni talab qilmoqda. Kiyev bu talabni ultimatum sifatida baholab, rad etgan. Murosa sifatida AQSH mazkur hududlarni erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif etgan. Yana bir jiddiy bahs Zaporoje atom elektr stansiyasi kelajagi bilan bog‘liq. AQSH tomon AESni Ukraina va Rossiya hamkorlikda boshqarishni taklif qilmoqda. Zelenskiy esa AQSH va Ukraina o‘rtasida qo‘shma korxona tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi.  

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Donetsk viloyati va Zaporoje AES bo‘yicha kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, qolgan masalalar bo‘yicha tomonlar sezilarli darajada yaqinlashgan.

Ukraina tomoni, Zaporoje AES ulangan Energodar shahrini erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qilmoqda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, birgina ushbu masala muhokamasiga 15 soat vaqt ketgan.  

Shuningdek, u har qanday erkin iqtisodiy zona yoki hududiy o‘zgarishlar faqat referendum orqali tasdiqlanishi va bu qaror qabul qilish huquqi to‘liq ukrain xalqiniki ekanini aytgan. Mazkur jarayon 60 kun davom etishi va bu vaqt ichida harbiy harakatlar to‘xtatilishi lozim.

Kreml Zelenskiy taqdim etgan 20 bandli tinchlik rejasiga rasmiy izoh bermagan. Biroq, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bildirishicha, bu boradagi Rossiya pozitsiyasi  AQSH ga yetkazilgan.  

Shuningdek, Rossiya keyingi muzokaralarga tayyorlanayotgani aytildi.

Ukraina va AQSH o‘rtasida tinchlik rejasining aksariyat bandlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lsa-da, Donbass va Zaporoje atom elektr stansiyasi masalalari muzokaralardagi asosiy yechilmagan muammo bo‘lib qolmoqda.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7v4qAzMWRUM" title="Tinchlik rejasi: asosiy kelishuv va bahsli nuqtalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA