Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik, osoyishtalik hukmron joyda ezgu maqsadlar amalga oshadi
17:53 / 2022-12-22

Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon bir ne’matni hamisha qadrlab keladi. Bu, shubhasiz – tinchlik va osoyishtalik. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bunga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Binobarin, qaysi yurtda tinchlik hukmron bo‘lsa, chegaralar daxlsizligi, fuqarolar osoyishtaligi ta’minlansa, o‘sha joyda albatta, rivojlanish bo‘ladi.

Jonajon vatanimizdagi barqarorlik, xalqimizning ko‘ngil xotirjamligi natijasida xalqaro miqyosdagi turli anjumanlarga mezbonlik qilyapmiz, musobaqalar, ko‘rgazmalar o‘tkazilyapti, mamlakatimiz yirik investorlar e’tirofi va e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Prezidentimiz ayni shu masala xususida so‘zlarkan, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilganimizni ta’kidlagan holda, joriy yil yozida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan noxush voqealarga alohida to‘xtaldi.  

“Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir. Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir”, dedi davlat rahbari.

bugungi davrda yer yuzida tinchlikni asrash, mamlakatlararo hamkorlik va do‘stlik global mavzuga aylanib bormoqda. Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik hamda rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan har bir davlat taraqqiyotiga putur yetkazadi.

O‘tayotgan yilda erishilgan yutuq va marralarni e’tirof etib, kelgusi yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan ezgu rejalar xususida so‘z borarkan, bularning zamirida birinchi navbatda yurtimiz tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimiz birdamligi mujassamligini unutmasligimiz darkor.  

Zero, dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni izchil davom ettirishimizda, “bundan keyin ham asosiy e’tiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz bo‘lgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishimiz”da yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik hal qiluvchi rol o‘ynashi tabiiy.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylik!  

Ma’rifatli xalqimiz ulkan maqsadlari sari dadil odimlamoqda. Ayniqsa, ta’limga, o‘qituvchi qadrini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor bugun barchamizni behad mamnun etmoqda. Bularning zamirida tinchlik va farovonlikdek buyuk ne’matlar mujassam.

Ravshan Rasulov,  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali direktori.

O‘zA